English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsiya bilan bog‘liq aholi murojaatlari asosan qaysi sohalarga tegishli?
14:52 / 2024-01-31

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023 yilda qanday ishlarni amalga oshirdi? Korrupsiya bilan bog‘liq aholi murojaatlari asosan qaysi sohalarga tegishli?

Bu savollarga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov javob berdi:  

– Agentlik tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida uchta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi va tegishli tartibda qabul qilindi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.  

Agentlikka 3,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning eng ko‘pi, ya’ni 511 tasi ta’lim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha bo‘lsa, 406 tasi sud qarorlaridan noroziliklar, 301 tasi davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha murojaatlardir.  

Agentlik tomonidan davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘nalishlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 225 taqdimnoma, javobgarlik masalasini hal qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 227 so‘rovnoma yuborildi.  

So‘rovnomalar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 23 jinoyat ishi va 96 ma’muriy ish qo‘zg‘atildi, 74 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.  

Ma’muriy islohotlardan so‘ng 90  ta davlat organi va tashkilotlari, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Bugungi kunda 41  ta davlat tashkiloti “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha ISO  37001:2016 xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi.  

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi reyting baholash amaliyoti joriy qilindi.  

Davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholashdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.  

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashdagi samaradorlik va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinib, maqsadli indikatorlar asosida baholangan “Ochiqlik indeksi” shakllantirildi.  

2023 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan ijobiy e’tirof etildi. “Transparency International” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz 5 pog‘onaga o‘sishga erishib, so‘nggi 10 yilda barqaror o‘sishga erishayotgan kam sonli davlatlar qatoriga kiritildi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA