Davlat va jamiyat rivoji, barqaror taraqqiyotga jiddiy to‘siq bo‘lib, sohalar yuksalishiga bevosita tahdid tug‘diradigan asosiy illat – bu korrupsiya.
Shu boisdan, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish, ushbu salbiy illatni ildizi bilan yo‘q qilish, bu boradagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash va aholi orasida keng ko‘lamli targ‘ibot va tashviqot ishlarini o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Mazkur illat har qanday davlat va jamiyat barqaror taraqqiyotining xavfsizligiga, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ravnaq topishiga jiddiy zarar yetkazib, xalqning farovon yashashi va erkinliklari cheklanishiga sabab bo‘ladi.
“Buxoro neft bazasi” MCHJda “Korrupsiya – barqaror taraqqiyotga tahdid” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni korxona xodimlariga bandma-band tushuntirib berildi.
Ta’kidlanganidek, “Buxoro neft bazasi” MCHJda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tegishli chora-tadbirlar va dasturlar ishlab chiqilgan. Jamiyat rahbariyati va moliyaviy nazorat va komplayens departamenti mutaxassislari bilan birgalikda olib borilayotgan nazorat va profilaktik tadbirlar doirasida joriy yilning 5 oyi davomida 1 milliard so‘mga yaqin xato va kamchiliklar aniqlanib, o‘z vaqtida bartaraf qilindi.
–Jamiyatda 2023 yilda 41 banddan iborat korrupsion xavf- xatarlar rejasi ishlab chiqilgan, –deydi jamiyatning moliyaviy nazorat va komplayens nazorat inspektori Abduvohid Baqoyev. –Ushbu ko‘rsatkich joriy yilda 7 taga kamaytirilib, 34 bandni tashkil etmoqda. Bu holat bo‘yicha ham korrupsion xavf -xatarlarni kamaytirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.
–Jamiyatda mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlarni ishga qabul qilish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tavsiyalari asosida har bir nomzod sinchkovlik bilan o‘rganib chiqiladi, –deydi jamiyat direktorining iqtisod va marketing bo‘yicha o‘rinbosari Asliddin Islomov. –Tegishli tartibda test sinovlari va suhbatdan o‘tkazilgach, ishga qabul qilinadi.
Moliyaviy nazorat va komplayens departamenti mutaxassislari tomonidan jamiyatda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha doimiy o‘rganishlar olib boriladi. Har chorakda anonim so‘rovnomalar o‘tkaziladi. Xodimlar tomonidan deklaratsiyalar to‘ldirib boriladi.
2023 yilda jamiyatda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashqi audit tashkiloti tomonidan o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar doirasida jamiyat ISO 37001 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritgan.
Tadbirda xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan aniq javoblar olishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari