Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va aholi salomatligini saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar holati Toshkent va Sirdaryo viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘rganishlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va aholi salomatligini saqlash tizimida ruxsat beruvchi hujjatlarni berish, qonunchilikda belgilangan tartibda ob’ektlarda tekshirishlar o‘tkazish, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilganligi aniqlangan holatlarda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalari tahlil etildi.
Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirish, kadrlarni ishga qabul qilish va boshqa masalalarda korrupsion omillarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar atroflicha o‘rganildi.

Muhokamalarda deputatlar tizimda korrupsion holatlarning oldini olishda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasi faoliyati samaradorligini oshirish, samarali profilaktika tizimini yo‘lga qo‘yish lozimligini aytib o‘tdi.
Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni amaliyotda keng qo‘llash, kadrlarni tanlab olishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA