Korrupsiyaga qarshi kurashish bugunning eng muhim vazifalaridan. Shu sababli, barcha tashkilot va idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab, ushbu yo‘nalish bo‘yicha biriktirilgan mas’ullar uning ijrosini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Otabek Qosimovning ta’kidlashicha, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan eng xavfli illatdir. Shu sababli, korrupsiyaga qarshi kurash dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyunda qabul qilingan “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada tizimli ishlar olib borish talabini qo‘ymoqda, – dedi O.Qosimov. – Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilmoqda.

Xususan, bunda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etilib, ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash va jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilayotgani har jihatdan foyda beryapti.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan ushbu islohotlar doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu yo‘nalish bo‘yicha mas’ul mutaxassislar tomonidan qo‘mita ishchi-xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Maqsadimiz esa faoliyatimizda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash va har qanday korrupsion illatlarga ayovsiz kurashishdir.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, jamiyatimizning barcha a’zolari “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Shuning uchun barchamiz bugungi tinchlik-osoyishtalik hukm surgan yurtimizda adolat tamoyillari asosida halol mehnat qilishimiz shart, deb o‘ylayman. Zero, har birimiz umid bildirgan kelajak davomchilarimiz faqat va faqat amallarimizdan andoza oladi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion holatlarni aniqlashda yurtimiz fuqarolarini hamkorlikka undaydi. Tizimda shubha tug‘diruvchi va noqonuniy holatlar yuz berganida +99871 203-02-39, anticor@cirns.uz orqali murojaat qilish mumkin.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.