Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi
15:13 / 2025-03-25

Toshkent issiqlik elektr markazida korrupsiyaning oldini olish, ish jarayonida shaffoflikni ta’minlash va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tashkilot mas’ullari, xodimlar hamda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirok etgan tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, komplayens-nazorat  tizimini takomillashtirish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ish faoliyatida shaffoflikni ta’minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. 

Ta’kidlanganidek, 2025 yil 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois mazkur tadbirda korxonada manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, komplayens-nazoratni kuchaytirish va xodimlarning mas’uliyatini oshirishga e’tibor qaratildi.

 – Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qilish idoralarining vazifasi emas. Har bir xodim o‘z faoliyatida halollik va qonuniylikka amal qilishi, shubhali holatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart. Bu borada nafaqat ichki tartib-intizomni kuchaytirishimiz, balki xodimlarimizning huquqiy savodxonligini oshirishimiz ham zarur, – dedi filial direktori Rustam Shamsiyev. 

Tadbir davomida ish jarayonida adolatli yondashuvni ta’minlash, korrupsiyaga moyillikka barham berish va jamoada huquqiy madaniyatni oshirish borasida amaliy takliflar bildirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tizimli ishlar davom ettirilishi va bu jarayonda barcha xodimlar faol ishtirok etishi lozimligi alohida ta’kidlandi. 

Bundan tashqari, mehnat jamoasi o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, ish faoliyatida shaffoflikni ta’minlash va qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi. Korxona rahbariyati bu borada har bir xodimning mas’uliyatini oshirish, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishni faol va uzluksiz amalga oshirish muhim ekanini qayd etdi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA