O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchisi tarkibiga kirish yoki tarkibidan chiqarish faktining kuchga kirish mexanizmi soddalashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, quyidagi hollarda jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritish yoki tarkibidan chiqarish amalda tegishli harakat (yoki harakatsizlik) hamda hodisa sodir etilgan paytdan boshlab yuzaga kelgan hisoblanadi:
a) ishtirokchilar tarkibidan majburiy chiqarish yoki ishtirokchilar tarkibiga majburiy kiritish, shu jumladan, jamiyatdagi ulush ishtirokchi va uchinchi shaxs o‘rtasida umumiy mulk deb topilgan va uning tegishli qismiga mulk huquqi belgilangan holatlarda - sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan;
b) ishtirokchining huquqiy vorisi yoki merosxo‘r(lar)ini jamiyatga ishtirokchi(lar) sifatida kiritishda notarius tomonidan rasmiylashtirilgan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma yoki jamiyat qayta tashkil etilishi (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) munosabati bilan huquqiy vorislikni o‘tkazishni nazarda tutuvchi topshirish hujjati jamiyatga taqdim etilgan vaqtdan (bundan jamiyatning ustavida ulushning (ulushning bir qismining) merosxurlarga yoki huquqiy vorislarga o‘tishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan hollar mustasno);
v) jamiyat ulushi "E-auksion" elektron savdo platformasi yoki qonunchilikka muvofiq xususiylashtirishning boshqa usullari orqali sotilganda - savdo natijalari rasmiylashtirilib, ulush qiymati to‘liq to‘langan kundan (agar oldi-sotdi shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa);
g) jamiyat ulushini (ulushining bir qismini) sotish va jamiyat ulushini (ulushining bir qismini) sotishdan boshqacha tarzda uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish notarial shaklda amalga oshirilganda - bu haqida tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan kundan. Bunda jamiyatning ustavida mazkur harakat taqiqlanmaganligi, ishtirokchining ulushi to‘liq to‘langanligi, mazkur harakat uchun jamiyatning yoki jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan hollarda rozilik olinganligi kabi holatlar notarius tomonidan tekshiriladi.
Jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kirish yoki tarkibidan chiqish holatlarida jamiyat boshqa ishtirokchilarni o‘ttiz kun muddatda bu haqida xabardor qiladi va jamiyat ishtirokchilari tarkibidagi o‘zgartirishlarni Tadbirkorlik sub’ektlarining yagona davlat reyestrida qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazish choralarini ko‘radi. Bunda mazkur o‘zgartirishlarni amalga oshirish uchun jamiyat umumiy yig‘ilishining qarorini qabul qilish talab etilmaydi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida:
a) yuridik shaxs ta’sischilari (ishtirokchilari) ta’sischi sifatida ishtirok etayotgan korxonalar ro‘yxati, ulardagi ulushlar miqdori (foizi), shuningdek, ushbu yuridik shaxs ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etayotgan boshqa ta’sischilarning (ishtirokchilarning) ulushlari miqdorlari (foizi), mazkur ulushlarning shakllangan yoki shakllanmagani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy tarzda onlayn yuritish tizimi joriy etiladi. Mazkur ma’lumotlar xo‘jalik jamiyatlarida ishtirok etuvchi har bir ta’sischiga (ishtirokchiga) tanishish uchun ochiq hisoblanadi;
b) yuridik shaxs ta’sischilari (ishtirokchilari) uchun o‘zlariga tegishli ulushni begonalashtirishga taqiq qo‘yish imkoniyati yaratiladi.
O‘zA