Korporativ boshqaruv – samarali tizim
Mamlakatimiz istiqlolga erishganidan ko‘p o‘tmay iqtisodiy mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Yurtimizda xalqaro biznes tartib-tamoyillari, yangi atamalar paydo bo‘ldi.
Mamlakatimiz istiqlolga erishganidan ko‘p o‘tmay iqtisodiy mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Yurtimizda xalqaro biznes tartib-tamoyillari, yangi atamalar paydo bo‘ldi.
Toshkentlik Abbos Gamzayev bir necha yil avval “Uztex Toshkent” qo‘shma korxonasida marketing bo‘yicha menejer sifatida ish boshlaganida tanishlari hayron bo‘lgandi. Bu qanday kasbligini, uning vazifalari nimalardan iborat ekanini so‘rashdi.
A.Gamzayev menejerlik lavozimi o‘nlab yo‘nalishlarga bo‘linishini, har bir korxona o‘z ixtisosligi va talablaridan kelib chiqib uning vazifalarini belgilab olishini, marketing bo‘yicha menejer iste’molchilarni o‘rganish va istiqbolli bozorni tanlash bilan shug‘ullanishini tushuntiraverib xunob bo‘lgandi.
Bugun bu kabi atamalarni izohlab o‘tirishga hojat yo‘q. Mamlakatimiz rivojlangani sari zamonaviy sohalar hayotimizdan keng o‘rin olmoqda. Odamlarning ongu tushunchasi o‘zgarib borayotir. Iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarga mos ravishda lavozimlar nomenklaturasi ham yangilanib bormoqda. Eski davrga xos, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan lavozimlar o‘rniga, yangilari paydo bo‘lmoqda. Tijorat direktori, moliya direktori, mijozlar bilan ishlash va xaridlar bo‘yicha loyiha menejeri, tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha menejer, brend-menejer, ekaunt-menejer, broker, rekruter, promouter, akvizitor, impresario, merchendayzer, media-bayyer, online-muharrir, online-sotuvchi kabi yangi mutaxassisliklar ommalashmoqda.
“Uztex” kompaniyalari guruhidagi “Uztex Toshkent”, “Eurotex”, “Uztex Chirchiq”, “Uztex Shovot” kabi korxonalarda ham zamonaviy lavozimlar, korporativ boshqaruv usullari joriy etilgan. Bu ishni samarali tashkil etish, tartib-intizomni ta’minlash va kompaniyani rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada ishlab chiqarish va eksport hajmi izchil o‘sayotir.
Mamlakatimizda bunday kompaniyalar safi kengayib bormoqda. Chet el kapitali va korporativ boshqaruvning xorijiy uslublariga asoslangan korxonalar har tomonlama rivojlanmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida mulkchilikning mazkur shakli ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Korporativ boshqaruv tizimidagi prinsip va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiya jarayonlariga zamonaviy xalqaro korporativ menejment standartlarini joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu maqsad yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Farmonga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish, bo‘lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda.
Ushbu hujjatda davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlari tarkibini korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari va tamoyillari, menejment va marketingni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ularni ishlab chiqarishni boshqarish tizimida qo‘llay bilishi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish va uning yakunlari bo‘yicha bo‘shagan lavozimlarga yangicha fikrlaydigan, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali rahbarlar, shuningdek, xorijiy menejerlarni jalb etish choralarini ko‘rish belgilab berilgan.
– Korporativ boshqaruv aksiyadorlar, menejerlar, kreditorlar, hamkorlar, mijozlar, xodimlar kabi kompaniya faoliyatiga aloqador barcha shaxslarning manfaatlari inobatga olingan holda boshqariladigan tizimdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi bosh direktori Ismat Nusurov. – Ular kompaniyaga tegishli qarorlar qabul qilish va kompaniyani boshqarishda ishtirok etadi. Korporativ boshqaruv tizimi ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish, pul mablag‘laridan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish, investitsion va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish uchun kerakli mablag‘larni jalb qilish, rentabellik darajasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Prezidentimiz farmoni ushbu tizimni xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etishga xizmat qiladi.
Korporativ boshqaruvni rivojlantirish davlat mulkini aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish orqali xususiylashtirish bilan ham bog‘liqdir. Bunday ishlar natijasida yurtimizda mingdan ziyod aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Bir milliondan ortiq fuqaro ularning aksiyalariga ega. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti o‘sishiga munosib hissa qo‘shayotgan yirik korxonalar aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritayotgani ham korporativ boshqaruv sohasini rivojlantirish ulkan ahamiyat kasb etishidan dalolatdir.
Vena moliyaviy hisobdorlik tizimini isloh qilish markazi rahbari Anri Fortinning aytishicha, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor rivojlanishini rag‘batlantirish dunyoning aksariyat davlatlarida dolzarb vazifadir. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha puxta o‘ylangan strategiyaning amalga oshirilayotgani va menejerlarning chuqur bilimga ega ekani ushbu jarayon muvaffaqiyatini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda chet el kapitali va korporativ boshqaruvning xorijiy usullari asosida tashkil etilgan korxonalar ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda yurtimizda to‘qsondan ortiq davlat investorlari ishtirokida tuzilgan to‘rt mingdan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu kompaniyalar O‘zbekistonda ham, xorijda ham yaxshi ma’lum. O‘zbekiston hududida korporativ boshqaruvning xorijiy usullariga asoslangan, dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “GM Uzbekistan”, “Sam Auto”, “JV MAN Auto – Uzbekistan”, “General Motors Powertrain Uzbekistan” singari ko‘plab korxonalar shular jumlasidandir.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda avtomobilsozlik sanoatiga ixtisoslashgan bunday kompaniyalarda 23 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Boshqaruvning turli yo‘nalishlariga ixtisoslashib ish yuritayotgan, o‘z vazifasini puxta bajarayotgan malakali mutaxassislar faoliyati ishlab chiqarish samaradorligining yanada oshishiga, mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi nizomining IV moddasiga muvofiq, 2015-yilgi maslahatlar doirasida jamg‘armaning O‘zbekiston Respublikasidagi missiyasiga oid hisobotida mamlakatimizda davlat mulki bo‘lgan 1500 dan ziyod obyektni korporativ boshqarishni mustahkamlash va xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarori ijobiy baholangan. Tashkilot mutaxassislari 2015-yilda iqtisodiy o‘sish kutilganidek yuqori bo‘lishini ta’kidlab, bunga O‘zbekistonda yaqinda qabul qilingan sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, shuningdek, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish hamda iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish imkonini beradigan xususiylashtirish va korporativ boshqaruv dasturlari samarasida erishilishini qayd etgan.
Iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalarida zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini keng joriy etish maqsadida turli xalqaro anjuman va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu yo‘nalishda malakali boshqaruvchi mutaxassislar bilan fikr va tajriba almashilmoqda.
Janubiy Koreya fond birjasi va “Korea Investment and securities” kompaniyasi ekspertlari ham O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga qiziqish bilan qaramoqda. Janubiy Koreya fond birjasi departamenti boshlig‘i Stiv Daychun Kim mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda yil sayin rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, aksiyadorlar va bo‘lajak investorlarning aksiyadorlik kompaniyalari haqidagi axborotdan foydalanishi kengaytirilgan, aksiyadorlik kompaniyalarini ta’sis etish, jamiyatlar aksiyalarini ommaviy taklif etish orqali joylashtirishga taalluqli normalar mustahkamlangan.
Ushbu sa’y-harakatlar samarasida mamlakatimizda zamonaviy korporativ boshqaruv usullari yanada keng joriy etilmoqda. Bu ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshiradi. Pirovardida korxonalarimiz barqaror rivojlanadi, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘ladi.