FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Koroskon” tarixiy muzeyi 18 may – Xalqaro muzeylar kunida qayta bunyod etilgan yangi binoda ish boshladi.
Tadbirkor Jamoliddin Nizomov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muzey milliy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadini ko‘zlagan.
Muzey binosi zamonaviy tarzda, 2 qavatli qilib qayta qurildi. Ayni paytda maskan ekspozitsiyasida XVII–XXI asrlarga oid 2000 dan ortiq tarixiy eksponat jamlangan. Ular orasida qadimgi qo‘lyozmalar, turli davrlar uchun xos maishiy va etnografik buyumlar, xalq hunarmandchiligi namunalari, antik avtomobillar, fotosuratlar va tarixiy hujjatlar bor.
Shuningdek, muzey hududida 2500 dan ziyod kitob fondiga ega zamonaviy kutubxona tashkil etilgan. Unda tarix, adabiyot, san’at va zamonaviy ilm-fanga oid asarlar joy olgan.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, tarixchilar, soha vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etib, yurtimizda tarixiy xotirani abadiylashtirish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi. “Koroskon” muzeyi bu yo‘nalishdagi ishlarning yana bir amaliy namunasi bo‘lgani ta’kidlandi.
[gallery-23436]
Ishtirokchilari muzey va kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA