Koronovirusga qarshi eng yaxshi vaksina
Biroq ana shunday kunlarida yurtimiz ahli boshiga ogʻir sinov tushgan.
Bahor — olamu odamga xushnudlik ulashuvchi, insoniyatni orzularga chorlovchi, tiriklik atalmish bebaho neʼmatni qadrlashga, maʼmurchilikka, ziroatu tijoratga yoʻllovchi, saxovat, mardlik, faravonlik sari yetaklovchi fasl.
Biroq ana shunday kunlarida yurtimiz ahli boshiga ogʻir sinov tushgan. Koronavirus bilan bogʻliq vaziyat barchamizni aqlu farosat, odobu diyonat, bosiqlik va vazminlik bilan ish koʻrishga undamoqda. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, sarosima va vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak... Aksincha, yana-da jisplashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu murakkab sinovlarni yengib oʻtishimiz joiz.
Axir olamni yaxshilik qutqaradi, degan qadim hikmat bor xalqimizda. Kattalarning gapiga quloq tutish, ulugʻlarning soʻzlariga rioya qilish kabi goʻzal fazilatlarimiz ham hali bardavom. Shunday ekan, nega “Uyda oʻtiring, ogʻzingizga niqob taqib yuring, qoʻlingizni tez-tez yuvib turing” degan oddiy talablarga amal qilishniyam uddalay olmayapmiz gohida?!
Bu haqda mushohada qilar ekanman, davlatimiz rahbarining yaqinda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalariga doir videoselektor yigʻilishida aytgan quyidagi soʻzlari quloqlarim ostida jaranglayveradi: “Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, xudo xohlasa, yana-da kuchli boʻlib, bir-birimizga mehrimiz yana-da ziyoda boʻlib, albatta, yorugʻ yuz bilan oʻtib olamiz. Faqat tartib-intizomga qatʼiy rioya qilib, oʻrinsiz vahimaga tushmasak, tushkunlikka berilmasak, marra bizniki boʻladi.”
Bu — chaqiriq, bu — umid, bu — ishonch!..
Insoniyatning vujudidan joy olayotgan koʻrinmas dard ertami, indinmi chekinishi tayin. Lekin, hayot bugundan iborat emas. Ertangi rizqimizni bunyod qilish uchun harakat zarur. Dehqon bugun dalasiga urugʻ qadamasa, sohibi xonadon tomorqasiga ekin ekmasa, haqiqiy tashvish keyin boshlanishi mumkin. Zero, buyuk bobomiz Alisher Navoiy bu haqda shunday lutf etgan:
“Olam maʼmurligʻi alardin, olam ahli masrurligʻi alardin...
Dehqonki dona sochar, yerni yormoq bila rizq yoʻlin ochar... Har qayon qilsalar harakot, elga ham qut yetkarur, ham barokot... Dehqonki tuzluk bila dona sochar, haq biriga yetti yuz eshigin ochar... Qurtu qush andin bahramand... Moʻrlar uyi andin obod... Kabutarlargʻa andin mastliq, toʻrgʻaylargʻa andin nishotgʻa hamdastliq... Fuqaro rizqi andin vofiy, gʻurabo quti andin kofiy”.
Koʻryapmizki, mirishkor dehqonlarimiz mehnati naqadar ulugʻ va naqadar zarurat. Shu bois, davlatimiz, hukumatimiz yer bilan tillashadigan zahmatkash yurtdoshlarimizning shunday ogʻir kunlardagi hissasiga katta umid bogʻlayotir. Tomorqalarimizda yetishtiriladigan turfa noz-neʼmatlar dasturxon toʻkinligiga, bozorlarimiz moʻl-koʻlligiga xizmat qilsin, degan ezgu maqsad bor buning ortida.
Oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ, deydi donolar. Bu naql aynan hozirgi pandemiya sharoitidagi murakkabliklarga qarata ham aytilgandek goʻyo. Zotan, sabrda hikmat koʻp. Salomatligimizga, hayotimizga daxl qilayotgan tojdor virusga qarshi eng yaxshi vaksina shu!
Isʼhoqxon Nosirov,
mehnat faxrisi.