Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusga qarshi vaksina: biznesmi yoki jon saqlash?
12:25 / 2020-12-14

Koronavirusga qarshi vaksina namunalari sinash va ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish uchun Rossiyadan mamlakatimizga olib kelinishi haqidagi axborot ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Fikrlar xilma-xil... Kimdir buni xushxabar, deb qabul qilsa, kimdir keskin qarshilik qilmoqda, ehtiroslar-u manzilli-manzilsiz haqoratlar oshib-toshib ketgan...  

Bu hol, fikrimizcha, bizda axborot sohasi nosog‘lomligidan darak beradi. Chunki vaksina masalasi har kim fikr bildira oladigan mavzu emas. Bu haqda olimlar, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari, mutasaddi organlar vakillari keng ommaga axborot berishi lozim.

To‘g‘ri, istalgan ommaviy axborot vositasi orqali istalgan axborotni qonun-qoidalar doirasida tarqatish mumkin – so‘z erkinligi bunga imkon beradi. Ammo, butun insoniyatning boshiga tushgan balo haqida axborot tarqatganda, albatta tegishli soha mutaxassislari, mutasaddilarning sharhi, axborotning ishonchli manbasiga tayanish kerak.

Ayni paytda esa «qaynoq» axborotni tezroq berib, o‘z reytingini oshirish ilinjida ayrim OAVlar odamlarni chalg‘itadigan, nosog‘lom kayfiyat, nokonstruktiv bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan axborotni tarqatayaptilar.  

Xususan, shunday bir axborotda yozilishicha, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondi (RDIF) va mamlakatimizdagi xususiy farmatsevtika kompaniyalaridan biri 35 million dozagacha vaksina yetkazib berishga kelishib olganlar.  

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu ma’lumotni rad etib, RDIFga atigi 5000 ta «Sputnik V» vaksinasi uchun so‘rov yuborganini ma’lum qildi. RDIF sayt muxbiriga ushbu shartnomalar O‘zbekistondagi xususiy kompaniya bilan tuzilganligini va fond xabarida Sog‘liqni saqlash vazirligining ishtiroki haqida so‘z yuritilmaganligini bildirdi... Vaksina tashqi bozorlarga yetkazib berilganda ikkita dozasining narxi kamida 10 dollarni tashkil qilar ekan.

Bu ma’lumotni aniq deb bo‘lmaydi, lekin, uni oddiy fuqarolar har xil tushunishi aniq! Vazirlik vakili 5 ming doza haqida aytgan bo‘lsa, farmatsevtika kompaniyasi 35 million dozaga kelishib olgani haqida gapirishdan qanday mantiq bor?  

Hali qo‘llanishi rasman e’lon qilinmagan, import qilinishi oxirigacha kelishilmagan vaksinaning narxi kamida 10 AQSH dollari bo‘ladi, degani nimani anglatadi?  

11, 15, 50 dollar ham bo‘lishi mumkin-ku... Nimaga 34 millionlik aholimiz uchun deyarli yarim yil ichida 35 million doza vaksina haqida kelishadilar... Xullas, bunday axborotni qancha «hazm» qilishga harakat qilsak, javoblardan ko‘ra savollar ko‘proq tug‘iladi.

Bir nechta mamlakat koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqib, uni qo‘llay boshlaganini OAVlardan bilamiz. Hali ko‘p narsa aniq emas. Vaksina sinovi ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, bir necha oy davom etishi mumkin, demoqda mutaxassislar.  

«A» mamlakat vaksinasi yaxshimi yoki «B» mamlakatnikimi – buni yaqin oylarda amaliyot ko‘rsatadi, xulosani esa mamlakat aholisi sog‘lig‘ini saqlash tizimiga mas’ul organ – Sog‘liqni saqlash vazirligi chiqarib, e’lon qilishi lozim.

Fikrimizcha, xususiy kompaniyalar vaksinani mamlakatimizga import qilib, keyinchalik xususiy tibbiyot kompaniyalari vaksinatsiyalash bilan shug‘ullanishiga ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu qat’iy ravishda faqat davlat tashkilotlari shug‘ullanishi kerak bo‘lgan ish – biznes emas!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirishga katta e’tibor berilayapti. Ammo, bunga to‘liq ma’noda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy biznes – tadbirkorlikni rivojlantirish sifatida qaramaslik lozim deb o‘ylayman.

Birinchidan, xususiy tibbiyot sub’ektlari soliqlardan ozod etilgan. Ikkinchidan, xususiy tibbiyot sub’ektlarining soliqlardan ozod etilishi tufayli olgan daromadlari hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish majburiyati belgilangan.

Uchinchidan, davlat-xususiy sherikchilik usulida davlatimiz ushbu tashkilotlarga anchayin ko‘mak beradi. To‘rtinchidan, qonunchilikka muvofiq, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida aholiga shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam bepul ko‘rsatilishi lozim.

Beshinchidan, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishda tibbiy sug‘urta sohasini kengaytirish vazifalari ham belgilandi, yaqinda Prezidentimiz Farmoni bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etildi.

Bu qonunchilik normalari, qoidalar va qarorlardan nodavlat tibbiy xizmati (de jure) «xususiy» deb nom olganiga qaramasdan, amalda (de facto) nodavlat notijorat bo‘lishi kerakligi kelib chiqadi.

Binobarin, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunimizning tadbirkorlikni «daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyat» sifatida ta’riflaydigan 3-moddasi normasini to‘liq ma’noda sog‘liqni saqlash sohasiga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Aks holda, biznes-meditsina odamlar ko‘proq kasallanishidan moddiy manfaatdor bo‘lib chiqadi.

Pandemiya davrida «MSKT» tekshiruvlari narxi oshib ketdi, so‘ngi o‘n yilliklarda yurtimizda xususiy dorixonalar haddan ziyod ko‘payib ketdi – davlat ulushiga ega «Dori-Darmon» kompaniyasi ham 2018-2019 yillarda 104 mlrd so‘m zarar ko‘rgan bo‘lsa, joriy yilning 9 oyida 30,7 mlrd so‘m foyda olgan – bu kabi faktlar koronavirus balosi saboqlarini hisobga olganda sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchiligimiz va amaliyotimiz qanday yo‘nalishda rivojlanishi lozimligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.  

Ya’ni real iqtisodiyotda tadbirkorlikni rivojlantirish asosida ijtimoiy sohani tutib turish uchun moliyaviy baza yaratib, tibbiy xizmatlar davlat yoki sug‘urta fondlari orqali moliyalashtiriladigan nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishi amaliyotini kengaytirish maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

Xullas, jon saqlashda biznes qilib bo‘lmaydi.

 

 

 

Farhod QURBONBOEV,

iqtisod fanlari nomzodi