Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusga qarshi profilaktik emlash tadbirlari muhokamasi
17:15 / 2021-10-14

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda koronavirusga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini sifatli tashkil etish, sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi sharoitda davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz salomatligini asrash, koronavirus infeksiyasining oldini olish yuzasidan barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.  

Mamlakatimizda aholini "COVID-19"ga qarshi emlash ishlari joriy yil 1 aprel kunidan boshlanib, bosqichma-bosqich, tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilib, hozir respublikadagi 3ming 138 ta emlash punkti va 862 ta harakatdagi brigada tomonidan emlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda.  

Yig‘ilishda bugungi kunga qadar mamlakatimizga jami 28million 487ming 988 doza koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olib kelingani va taqsimot orqali tarqatilgani qayd etib o‘tildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarlarining axborotlari tinglandi. Unga ko‘ra, mamlakatimizda 18 yoshdan yuqori bo‘lgan emlanuvchi soni 21million 455ming 214 nafarni tashkil etib, bugungi kunga qadar ushbu kontingentga jami 22million 956ming 58 doza vaksina qo‘llanildi. Shundan "ZF-UZ-VAC 2001" vaksinasining 81,5 foizi, "AstraZeneca" vaksinasining 78,5 foizi, "Sputnik V" vaksinasining 62,4 foizi,"Moderna" vaksinasining 92,7 foizi hamda "Pfizer" vaksinasining 36,6 foizi ishlatilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, aholiga ko‘rsatilayotgan sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini yanada oshirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash masalalari bugungi kunda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Yig‘ilishda bu borada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, mamlakatimizda koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan vaksinalar va ularning himoya darajasi haqida keng jamoatchilikka ilmiy asoslangan ma’lumotlar yetkazish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini faollashtirish zarurligi aytib o‘tildi.  

Shuningdek, koronavirusga qarshi emlashning ijobiy samarasini aholining keng qatlamlariga tushuntirish, emlashga monelik qiluvchi holatlar haqidagi to‘liq ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan so‘nggi kunlarda kasallanish holatlari bolalar, shu jumladan, maktab o‘quvchilari orasida ham tarqalayotganligi bilan bog‘liq masalaga alohida e’tibor qaratilib, ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Komissiya yig‘ilishida koronavirusga qarshi emlash tadbirlari hamma joylarda ham samarali tashkil etilmaganligi, emlanish kerak bo‘lgan aholi qatlamlarining barchasi bu jarayonga jalb etilmaganligi tanqid ostiga olindi. Bunda tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlandi.

– Komissiya tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni moliyaviy manbalar bilan ta’minlash va ulardan maqsadli foydalanish borasida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tizimli nazorat olib borilmoqda, – deydi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sh. Nazarov. – Xususan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish ishlari uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilishi borasida Moliya vazirligi bilan domimiy ish olib borildi. Ayni paytda ushbu 3 trillion so‘m mablag‘ to‘liq o‘zlashtirildi. Shuningdek, yana qo‘shimcha ajratilgan 1,3 trln.so‘m mablag‘ning joylarga o‘z vaqtida yetkazilishi va maqsadli ishlatilishi ustidan deputatlik nazorati olib borilmoqda. bugungi kunda ushbu ajratilgan mablag‘larning 800 mlrd. so‘mi o‘zlashtirib bo‘lindi. Ushbu mablag‘larning shakllantirilishi, joylarga o‘z vaqtida yetkazilishi va maqsadli foydalanishi holati Byudjet va iqtisodiy islohatlar qo‘mitasining yig‘ilishlarida muntazam muhokama qilinib borilmoqda.

Yig‘ilishda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi ustidan ta’sirchan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha choralar belgilab olindi.  

 

Mohigul Qosimova, O‘zA