Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusga qarshi kurashishga ajratilgan byudjet mablag‘lari qanday sarflandi?
14:04 / 2022-06-07

ONLAYN

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mamlakatimizda ham virusning oldini olish, unga qarshi kurashish maqsadida Davlat byudjetidan muayyan mablag‘lar ajratilib, izchil chora-tadbirlar olib borildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘larning oqilona sarflanishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayevning javobi ko‘rib chiqildi.

Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, 2021 yilda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan hududiy Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va respublika muassasalariga koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun 4 250,8 milliard so‘m, shundan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2 585,9 milliard so‘m, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga 1 664,9 milliard so‘m ajratilgan.

Koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jalb etilgan tibbiyot va boshqa xodimlarning 169 126 nafariga 1 325,4 milliard so‘m qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘landi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasini davolash muassasalari va boshqa tadbirlar xarajatlari uchun 1 274,5 milliard so‘m yo‘naltirildi. Shundan dori-darmon vositalari uchun 681,9 milliard so‘m, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 86,1 milliard so‘m, Toshkent shahri va Namangan viloyatida maxsus shifoxonalarni tashkil etish uchun 270,6 milliard so‘m, Respublika miqyosidagi hamda hududlardagi tibbiyot muassasalariga olingan tibbiy asbob-uskunalari xarid qilish uchun 79,4 milliard so‘m va boshqa xarajatlar (kommunal, dezinfeksiya, aloqa) uchun 64,2 milliard so‘m ajratilgan.

Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va uning hududiy markazlari xodimlarining lavozim maoshiga mehnatning sog‘likka xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, mehnatiga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirish hisobiga 35 ming 994 nafar xodimga 38,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Koronavirus infeksiyasini davolash muassasalari va boshqa tadbirlar xarajatlari uchun 1 626,7 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Vazir javobiga ko‘ra, Davlat byudjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘larning oqilona sarflanishini ta’minlash, moliyaviy xato va kamchiliklar, qonun buzilish holatlarining oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlarni davolash uchun moslashtirilgan tibbiyot muassasalarida ishlovchi xodimlar tarkibi va soniga aniqlik kiritish maqsadida ularning yangilangan shtat me’yorlari ishlab chiqildi, bemorlarni zarur oziq-ovqat bilan ta’minlash maqsadida oziq-ovqat me’yorlari ishlab chiqildi, koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalariga jalb qilinadigan xodimlar soni va ularning ish yuklamalari tartibga solindi.

Majlisda parlament so‘roviga Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayevning javobi deputatlar tomonidan ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA