Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi yalpi majlisda muhokama qilingan «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonun yuzasidan quyidagi fikrlarni bildirdi.
Barchamizga ma’lumki, hozirgi paytda koronavirus pandemiyasidan batamom qutilganimiz yo‘q. Mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun ajratilgan 3 trillion so‘m mablag‘lar to‘liq ishlatilgan. Shu bilan birga joriy yilda ham koronavirus infeksiyasi davom etayotganligini hisobga olib, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun qo‘shimcha mablag‘ zaxirasini yaratish maqsadida yana qo‘shimcha 1,3 trln. so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobidan koronavirusga qarshi kurash tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot va boshqa xodimlarga ish haqi, qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari uchun 533 mlrd. so‘m, dori-darmon vositalari, gigiyena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun 273 mlrd. so‘m hamda vaksina sotib olish xarajatlari uchun 405 mlrd. so‘m sarflanadi. Shu bilan birga Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham yana qo‘shimcha 489 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘larning 238 mlrd. so‘mi oilaviy shifokorlik punktlari uchun, 100 mlrd. so‘mi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada yaxshilash uchun va 60 mlrd. so‘mi onkologiya yordamini takomillashtirish va xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Senatining axborot xizmati