Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusga qarshi ikkinchi avlod vaksinasining xalqaro klinik sinovlariga start berildi
09:29 / 2022-11-08

Bugun bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Xitoyda videokonferensiya shaklida Omikron-Delta shtammiga (yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi) qarshi yangi rekombinant oqsilli vaksinasining xalqaro klinik sinovini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova, O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev, Virusologiya ITI direktori Erkin Musaboyev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov, Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shuhrat Nishonov, akademik Gao Fu, Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Sao Jinxua, Xalqaro alyans kotibiyati ijrochi direktori “Bir makon, bir yo‘l” (ANSO) ilmiy tashkilotlari va Anhui Zhifeilongcom Biopharmaceutical Co., Ltd ijrochi prezidenti Tao Lifeng hamda boshqa mutasaddilar klinik sinovga rasman start berish marosimida ishtirok etdi.  

– O‘zbekistonda yangi koronavirusga qarshi ikkinchi avlod vaksinasi hamkorlikda yaratilib, tadqiqotlar va klinik sinovlar o‘tkazilayotganidan mamnunmiz, – dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikkinchi avlod vaksinalari bo‘yicha hamkorlik muvaffaqiyatli yakunlanib, O‘zbekiston va barcha mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonamiz. Vaksinamizning O‘zbekistonda sinovlarini boshlash uchun Etika qo‘mitasining ruxsati olingan va bugun sizlar bilan tadqiqotlar va klinik sinovlarni boshlash arafasida turibmiz. Kelajakda yangi avlod vaksinalarni paydo bo‘lishi nafaqat ilm-fandagi hamkorlik natijasi, balki kelgusidagi barcha hamkorliklarga zamin yaratdigan. 

Akademik Gao Fu Xitoy va O‘zbekistonning ikki tomonlama sa’y-harakatlari bilan ZF2001 yoki ZF-UZ-VAC-2001 yangi koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi avlodi muvaffaqiyatli ishlab chiqilgani va butun dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq doza qo‘llanilib, global epidemiyaga qarshi kurashga katta hissa qo‘shilganini alohida ta’kidladi.  

Yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi Omikron-Delta ikki valentli protein subunit vaksinasidir. Virus prototipiga asoslangan birinchi avlod vaksinasi bilan solishtirganda, yangi vaksina kengroq va kuchliroq immun reaksiyasini keltirib chiqaradi. Hozirda keng tarqalgan Omikron subvariantlarini qamrab oladi va Omikronning ko‘tarilishi davrida yangi koronavirus pandemiyasini nazorat qilishga muhim hissa qo‘shadi.  

– “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusining muhim bo‘limi sifatida ANSO ikkinchi avlod vaksinasining xorijdagi klinik sinovlarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi, – dedi Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Sao Jinxua.  

– Bu hamkorlik milliy imijni yanada mustahkamlaydi, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va tibbiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu mamlakatning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi ishini ham faollashtirdi. Dunyoda o‘z hukmronligini surayotgan koronavirus kasalligi avj olganida xitoy-o‘zbek vaksinasi bizga qo‘l kelgan edi, – dedi Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Nishonov. – ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining bizning tarkibda qo‘llanishi, avvaliga, yangilik bo‘lgan edi. Shaxsiy tarkibimizda kasalliklar aniqlanishi vaksina qo‘llanilganidan so‘ng keskin kamaydi. Shu sababli ushbu vaksinaga nisbatan ishonchimiz oshgan. Hozirgi kunga qadar shaxsiy tarkibning deyarli 100 ming nafar xodimi vaksinatsiya qilingan. Bu hozirga qadar kasallikka nisbatan o‘z samarasini ko‘rsatib turibdi. Ikkinchi avlod oqsil vaksinasining antigenlari yangi koronavirusning Delta va Omikron mutatsiya shtammlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular hozirda keng tarqalgan yangi koronavirus Omikron mutatsiya shtammlaridan yaxshiroq himoya qilishi kutilmoqda.  

Omikron shtammining yangi mutatsiyasi butun dunyoda davom etayotgan bir paytda, COVID-19 pandemiyasiga qarshi Xitoy va O‘zbekiston hukumatlari o‘z hissasini qo‘shgan holda samarali va uzoq muddatli himoya vaksinasini yaratishga umid qilmoqda. 

– Samarqandda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida ikki davlat rahbarlaridan juda ham katta qo‘llab-quvvatlash va kelajakda bu ishlarni yanada rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar olganmiz, – dedi I.Abdurahmonov. – Ikki davlat rahbarlari bizning hamkorligimizga yuqori baho berishdi. Bu biz uchun katta mas’uliyatdir. Shu bilan birga hamkorlikni kengaytirish vazifasini oldimizga qo‘ydi. Bizda juda katta jamoa shakllangan va bu loyiha muvaffaqqiyatli o‘tishiga ishonamiz. Bunga barcha imkoniyatlarimiz va tajribamiz ham yetadi. Eng muhimi, bizning hamkorlarimiz hamda ikki davlatning siyosiy irodasi bizga kuch bag‘ishlaydi.    

 

M.Qosimova,  

O‘zA