Yurtimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni jadallashtirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini modernizatsiya qilish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 27 maydagi tegishli qaroriga muvofiq, Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banklarining 200 million dollar kredit mablag‘lari hisobidan “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasidagi qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga 57,5 million dollar, uskunalar, jihozlar va tez yordam avtotransport vositalari xarid qilishga 97,5, kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirishga 6,5, axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etishga 23,5, loyihani amalga oshirish guruhini saqlash va moliyaviy xarajatlargaesa 10,5 million dollar ko‘zda tutilgan.
Ammo yuqoridagi qarorning 10-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan loyihani amalga oshirish samaradorligi hamda texnik-iqtisodiy asoslarda ko‘zda tutilgan natijalarga erishilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Masalan, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ajratish rejalashtirilgan 200 million dollar kredit mablag‘idan 2022 yil 1 noyabr holatiga jami 3,9 million dollari o‘zlashtirilgan xolos.
Shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga asosan joriy yilda loyiha doirasida 20 million dollar mablag‘larni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shu yilning 10 oyi davomida 17,3 ming dollar o‘zlashtirilgan.
Shu bilan birga, qarorga binoan, 2022 yilning 1 fevraliga qadar loyihaning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqib, ekspertiza organlaridan ijobiy xulosalarni olgan holda tasdiqlatish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kungacha bu ishlar amalga oshirilmagan.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayevga “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA