French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusga bag‘ishlangan ilk ilmiy konferensiya O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda
17:13 / 2022-05-20

Toshkent shahrida «COVID-19, koronavirusning biologiyasi, etiologiyasi va fiziologiyasi» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Koronavirusga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanning birinchi bo‘lib O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ilmiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

— To‘g‘ri, shu paytgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ushbu kasallikka bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da,  hali biror joyda ilmiy anjuman tashkil etilgani yo‘q. O‘zbekiston bu borada birinchi bo‘ldi, — dedi konferensiyada onlayn ishtirok etayotgan Harvard universiteti (AQSH) professori Rafail Kushak.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, virusli kasalliklarning ushbu yangi turi insoniyat uchun sinov bo‘lib, ayni paytda dunyo xalqlariga o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashga turtki bo‘ldi.

— Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar tufayli koronavirus pandemiyasi eng yuqori cho‘qqiga chiqqan paytda ham O‘zbekistonda vaziyat barqaror ushlab turildi. Kasallik zanjiri tarqalishining oldi olindi. Natijada pandemiyadan kam talafot, yorug‘ yuz bilan chiqdik, — dedi N. Otabekov.  

Ushbu nufuzli yirik tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi hamkorligida tashkil etildi. Unda jahonning 20 dan ortiq davlatlaridan yetuk mutaxassislar, yurtimiz va xorijning o‘nlab farmatsevtika kompaniyalari ishtirok etmoqda.

— Jahon  sog‘liqni  saqlash  tashkiloti  ma’lumotlariga  qaraganda, yuqumli  kasalliklarning 80 foizini virusli kasalliklar tashkil etadi, — deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, akademik Bakriddin Zaripov. — Yuqumli kasalliklar koronavirusga o‘xshash yangi turlari paydo bo‘layotgani nafaqat sog‘liqni saqlash xodimlari, balki ilmiy jamoatchilik, ayniqsa, fiziolog olimlarni izlanishga, «yangidan paydo bo‘layotgan», «qaytayotgan» sifatiga mansub kasalliklarni bartaraf etishga xizmat qiladigan ilmiy-tadqiqotlar olib borishga undamoqda.

bugungi konferensiyada koronavirusning biologiyasi, fiziologiyasi va bu kasallikning oldini olish yo‘llari bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy ishlar yakunlari muhokama qilinyapti. Quvonarlisi, ular orasidan eng maqbullarini amaliyotga tatbiq qilish masalalari ham ko‘rib chiqilyapti.

Dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qiyotgan chet ellik ekspertlar koronavirus tarqalishining oldini olish, infeksiya zanjirini uzish, bemorlarni davolash va aholi salomatligini mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘plab ijobiy yutuqlar qo‘lga kiritilganini e’tirof etishmoqda.

Ayniqsa, polimeraza zanjir reaksiyasi usulida tahlil o‘tkazishga ixtisoslashgan virusologik laboratoriyalar tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, kasallikka qarshi emlash jarayonida aholiga vaksinani tanlash imkoniyati yaratilgani yuqori baholandi.

O‘zA