Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusdan davolanayotgan yurtdoshlarimiz ham saylovda ishtirok etadi, faqat...
15:48 / 2021-10-23

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning ta’kidlashicha, ayni paytda tizimli va markazlashgan holda har bir saylov uchastkasida zararsizlantirish (dezinfeksiya) ishlari o‘tkazilmoqda.

Ertaga saylovchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lganlar aniqlangan taqdirda, ular ovoz berish xonasiga kiritilmaydi. Ularning ovoz berishlari uchun alohida ajratilgan joylarda ko‘chma saylov qutilari va kabinalar tashkil etilgan.

Qolaversa, tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lganlar hamda kasallik alomatlari aniqlanganlar uchun alohida izolyator xonalari hamda saylov o‘tadigan binolarda tibbiy xonalar tashkil etildi. Ular zarur dori-darmonlar hamda tibbiy vositalar bilan to‘liq ta’minlandi.

Shuningdek, yashirin ovoz berish kabinalariga parda osmaslik, saylovchi va saylov komissiyasi a’zosi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri (kontakt) muloqotni kamaytirish choralari ko‘rildi.

O‘z navbatida, koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan (yashash) joyida ovoz berishi uchun uchastka saylov komissiyasi tomonidan saylovchi uchun alohida sellofan paketga solingan tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqop, saylov byulleteni to‘plami tayyorlandi.

Shifoxonalardagi saylov uchastkalariga esa “yopiq saylov uchastkasi” maqomi berildi. Mustaqil yurish imkoniyati bo‘lgan bemorlar uchun shifoxona hududida maxsus tayyorlangan xonada ovoz berishlari tashkillashtiriladi, yotoq rejimidagi bemorlar uchun maxsus mobil saylov qutilari tashkil etildi.

Yo‘riqnomada belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida iyun oyida davolash profilaktika muassasalarining 432 nafar xodimi mazkur yo‘riqnomada belgilangan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha o‘qitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladigan saylov uchastkalarida karantin talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun 21 mingdan ortiq tibbiyot xodimi biriktirildi.

Saylov komissiyasi a’zolarining COVID-19 bilan kasallanib, tuzalganiga qisqa vaqt bo‘lgan yoki emlashga qarshi ko‘rsatmalari mavjud bo‘lganlaridan tashqari barchasi koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlandi.

 

Mohigul Qosimova,

O‘zA