Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirusdan 57 yil bir yostiqqa bosh qoʻygan nuroniy juftlik bir kunda vafot etdi...
22:17 / 2020-04-22

Shotlandiyaning Danfermlin shahrida 57 yil birga umrguzaronlik qilgan baxtiyor chol-kampir SARS-CoV-2 koronavirusi asoratida bir kunda jon berishdi.


Shotlandiyaning Danfermlin shahrida 57 yil birga umrguzaronlik qilgan baxtiyor chol-kampir SARS-CoV-2 koronavirusi asoratida bir kunda jon berishdi. Bu haqda “Daily Mail” nashrida xabar berilgan.

Sobiq konchi Uilyam Sharp (William Sharp) va uning rafiqasi Morin (Maureen) 1963-yil turmush qurishgan va oʻshanda har ikkalasi 17 yosh edi. Yangi yil bayrami bilan birga ular nikoh toʻylarining 57 yilligini ham qoʻshib nishonlashdi. Keksalikda otaxon-onaxonni surunkali oʻpka xastaligi bezovta qilardi: erda saraton, xotinda esa obstruktiv kasallikning surunkali shakli.

Aprel boshida Uilyamning mazasi qochdi, shifokorlar uning oʻpkasiga infeksiya tushganligidan gumon qilishdi. Bir necha kundan soʻng xuddi shunday belgilar Morinda ham paydo boʻldi. 5-aprel kuni chol-kampir shifoxonaga yotqizildi va ularga COVID-19 tashxisi qoʻyildi. Oradan uch kun oʻtgach, avvaliga Morin jon berdi, bir sutkaga yetar-yetmas Uilyam ham hayot bilan vidolashdi. Nuroniy juftlik 74 yoshda edi.

...56 yildan buyon birga yashayotganlar esa bir kunda tuzaldi

Darhaqiqat, hayot ajoyib va gʻaroyib voqealarga toʻla. Buyuk Britaniyaning boshqa bir hududida 56 yildan beri ahillikda umr kechirayotgan, ne-ne qiyinchiliklarni yonma-yon ortda qoldirgan pensionerlar koronavirus balosini ham bir vaqtda yengib oʻtib, sogʻlom hayotga qaytishdi.

77 yoshli Sidni Mur va uning rafiqasi, 76 bahorni koʻrgan Jin aprel oyi boshlarida koronavirusga chalingani aniqlandi. Ularni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizishdi va oradan bir necha kun oʻtgach, oʻsha yerda bemorlarga tegishli tashxis qoʻyildi. Nuroniy juftlikni bir-biridan ajratmaslik maqsadida, tibbiy muassasa xodimlari ularni bir boʻlimga joylashtirishdi.

Sidni Mur rafiqasining qulogʻi ogʻirroq boʻlgani sababli unga doim oʻzi yordam berib turgani, shuningdek shifokor, hamshiralar ham oʻzlariga doim alohida eʼtibor bilan munosabatda boʻlganini aytadi. Eʼtiborlisi, qariyalar atigi besh kunda ushbu xavfli xastalikdan toʻliq forigʻ boʻlishdi va shifoxonani tark etishdi. Ayni payt uylarida oʻz-oʻzini himoyalash tartibiga qatʼiy rioya qilgan holda kun kechirishyapti.