Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirus: Sirdaryodagi ba’zi ta’lim muassasalari onlayn rejimga o‘tkazilmoqda
09:23 / 2021-04-21

Sirdaryo viloyatidagi ba’zi ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilar orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari aniqlanganligi sababli ushbu ta’lim muassasalarida darslar onlayn rejimga, ya’ni masofadan turib ta’lim olish tizimiga o‘tkazilmoqda.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limining bergan xabariga ko‘ra, joriy yilning 18 aprelidan Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan karantin qoidalari bo‘yicha nazorat kuchaytirilishi, maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari, texnikum, kollej va oliy o‘quv yurtlarida kasallanish holatlari aniqlangan taqdirda, ularning faoliyatini zudlik bilan to‘xtatish va 2 haftaga karantinga olinishi, ushbu vaqt mobaynida ular onlayn tartibida faoliyat yuritishi belgilangan.

Afsuski, belilangan karantin tartib-qoidalariga rioya qilmaslik, “COVID-19” kasalligi bilan og‘rigan bemorlar bilan belgilangan masofani saqlamagan holda muloqotga kirishish, o‘z yashash uyidan tashqariga chiqqan holatlarda, ko‘cha-ko‘y, jamoat joylari, dars va ish jarayonlarida, niqobni belgilangan tartibda taqmaslik, antiseptik vositalardan foydalanmaslik, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvib turmaslik, kabi tartib-qoidalarga rioya etilmasligi oqibatida Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarida, ayniqsa Guliston shahrida koronavirusni yuqtirib olish holatlari kundan-kunga ortib bormoqda.  

Bir necha kun muqaddam, Guliston shahridagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari orasida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, maktabning 2 ta sinfi o‘quvchilari 14 kunlik karantinga olingan va bu sinflardagi darslar masofaviy ta’lim, ya’ni onlayn shaklga o‘tkazilgan edi.

Kuni kecha, Guliston shahridagi 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Sirdaryo Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi ham to‘liq  14 kunlik karantinga olinib, bu muassasalardagi o‘quv jarayoni masofaviy shaklga o‘tkazildi.

– Guliston shahridagi 7-sonli, Guliston tumanidagi 9- va 25-sonli umumta’lim maktablarida ham “COVID-19” infeksiyasini yuqtirib olish holatlari qayd etilib, ushbu ta’lim muassasalarida ham darslar onlayn tizimiga o‘tkazildi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Olimjon Mirbarotov. – O‘quv jarayoni masofaviy shaklga o‘tkazilgan barcha ta’lim muassasalari binosi to‘liq dezinfeksiya qilinib, 14 kundan so‘ng, ya’ni o‘qituvchi va o‘quvchilardan olinadigan tibbiy test natijalari xavfsiz bo‘lgach, ushbu muassasalardagi darslar yana an’anaviy o‘qish tizimiga o‘tkaziladi.

Yodingizda bo‘lsa, Guliston davlat universiteti talabalari orasida koronavirus kasalliligiga chalinish holatlari qayd etilganligi bois, oliy o‘quv dargohining tabiiy fanlar va san’atshunoslik fakultetlarining ikkita guruh talabalari joriy yilning 29 mart kunidan o‘qishning onlayn tizmiga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.

Endi universitetning filologiya fakulteti xorijiy til va adabiyoti bo‘limida tahsil olayotgan talaba(qiz)lardan birida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi sababli, ushbu talabaning kursdoshlari, ya’ni shu guruh talabalari ham masofaviy ta’limga o‘tkazilgan va 14 kunlik karantinga olingan.

Har bir fuqaro o‘z salomatligini asrashda karantin qoidalariga to‘liq rioya qilib, o‘z salomatligini asrash bilan yaqinlari, qrindosh-urug‘lari, hamkasb, sinfdosh, kursdoshlari, vatandoshlari salomatligni ham asragan bo‘ladi.

A.Qayumov, O‘zA