Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirus laboratoriyada tayyorlangan. Donald Tramp buni isbotlamoqchi
17:03 / 2020-05-01

AQSH Prezidenti Donald Tramp koronavirus manbasi Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyaga borib taqalishini isbotlovchi maʼlumotga ega ekanini maʼlum qildi.


AQSH Prezidenti Donald Tramp koronavirus manbasi Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyaga borib taqalishini isbotlovchi maʼlumotga ega ekanini maʼlum qildi.

“Ha, menda bor“, – dedi u “ushbu xabarni tasdiqlash uchun biror-bir maʼlumot bormi”, – deb berilgan savolga javoban.

Lekin, Oq uy rahbari ushbu maʼlumot maxfiy ekaniga urgʻu berib, tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortgan.

Trampning ushbu gaplari AQSH razvedkasining yaqinda eʼlon qilgan bayonotiga umuman teskari boʻlmoqda. Chunki milliy razvedka idorasi oʻtgan payshanba kuni olimlarning koronavirus sunʼiy yoʻl bilan yaratilmagan degan fikriga qoʻshilishini maʼlum qilgandi.

Bundan avval esa Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo koronavirusning kelib chiqishi bilan bogʻliq maʼlumotlar yetarlicha shaffof emasligini bir necha bor taʼkidlab, Xitoyni ayblagandi. Davlat departamenti rahbari virus Uxan virusologiya instituti laboratoriyasidan “qochib chiqmaganmikan”, deb Pekindan ushbu savolga javob berishni bir necha bor soʻragan.

AQSH Prezidenti, shuningdek, Amerika tomoni COVID-19 koronavirusi Uxan shahri laboratoriyasidan chiqqani haqdagi versiyani koʻrib chiqayotganini taʼkidlab, ushbu versiyaning toʻgʻriligini aniqlash niyati borligini maʼlum qildi. U agar Xitoyning virus tarqalishini atayin uyushtirgani aniqlansa, Pekinni jiddiy oqibatlar kutishi bilan tahdid qildi.

Oʻz navbatida, Xitoy ham avval boshdan kornavirus epidemiyasi tarqalishi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilishda ochiqlik va masʼullik pozitsiyasiga qatʼiy amal qilganini taʼkidlab kelmoqda.

Ammo Xitoyning bayonotlari Trampni qoniqtirmayapti chamasi. Chunki, koronavirus pandemiyasi hammadan koʻp AQSHda tarqaldi, oʻlim holatlari ham ushbu mamlakatda eng koʻp qayd etildi. Qolaversa, boʻlgan voqealar ortidan Amerika jamoatchiligi orasida Donald Trampga nisbatan norozilik kayfiyati ham kuchaymoqda. Oldinda esa Prezident saylovi turibdi. Bunday paytda Trampning nufuziga gard ham yuqmasligi kerak. Xullas, jamoatchilik eʼtiborini chalgʻitish uchun nimadir qilinishi kerak.

AQSH rahbarining fikricha, Xitoy koronavirus tarqalishini oʻz vaqtida toʻxtata olishi mumkin edi, ammo bu ishni qilmagan.

“Virusni toʻxtatsa boʻlardi, chunki u Xitoydan chiqdi-ku“, – deydi Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida.

Uning aytishicha, Xitoy COVID-19 tarqalishini yoki toʻxtata olmagan yoki shunchaki bu ishni qilmagan.

“Biz savdo bitimini imzoladik. Lekin bu endi virus bilan boʻlayotgan voqealar bilan solishtirganda ikkinchi darajali boʻlib qoldi. Bunday vaziyat biz uchun maqbul emas“, – dedi Tramp.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Trampning shubhalariga qanday munosabat bildirmoqda, degan savol tugʻiladi. Albatta ushbu tashkilot ham koronavirus tabiiy ravishda paydo boʻlganini koʻp bor taʼkidlasa-da, bari bir chuqurroq surishtiruv olib borish fikriga moyilligini ham yashirmayapti. Hatto, JSST yangi turdagi koronavirus paydo boʻlishini oʻrganishda ishtirok etish uchun Xitoy hukumatiga bir necha bor murojaat ham qildi, ammo rad javobini oldi.

Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xitoydagi vakili Goden Galea maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, JSST uchun koronavirusning paydo boʻlishi bilan bogʻliq vaziyatni oʻrganish juda muhim. “Buni bilishimiz yangi epidemiyalarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun kerak boʻladi”, dedi u.

“Bizning Xitoyda milliy tekshiruv olib borilayotganidan xabarimiz bor, ammo tekshiruvning ushbu bosqichiga biz taklif etilmadik. JSST Xitoy hukumat organlari va sogʻliqni saqlash tuzulmalaridan bu haqda soʻrashni davom etadi“, – dedi Galea Britaniyaning Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

U, shuningdek, Xitoy koronavirus tarqalishining oʻchogʻi boʻlgan Uxandagi ikkita virusologiya laboratoriyasi hujjatlari bilan tanishishga ham ruxsat bermaganini taʼkidladi.

Galeaning soʻzlariga qaraganda, JSST virusning sunʼiy emas, tabiiy yoʻl bilan paydo boʻlganiga shubha qilmaydi. “Biroq laboratoriyadagi hujjatlar har qanday virusning kelib chiqish tarixi haqidagi toʻliq maʼruzaning bir qismi boʻlishi lozim“, – qoʻshimcha qilgan u.