French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirus – iqtisodiy bo‘hron elchisi...
11:46 / 2020-02-05

Jahonda yangi koronavirus sharpasi kezmoqda.


Jahonda yangi koronavirus sharpasi kezmoqda. Insoniyat har doimgidan ko‘ra bezovta. Xalqaro matbuot sahifalarida virus iqtisodiy inqiroz sharpasini jonlantirayotgani haqida yozmoqda. Xitoy fabrikalarida karantin joriy etilgani, neft narxi va eksportining kamaygani, aksiyalar qiymatining “pastga sho‘ng‘ishi” sababli soha ekspert va mutaxassislari bu kasallik dunyo iqtisodini abgor ahvolga keltirib qo‘yishidan xavotirda.

Virus shundoq ham yuzlab insonlar yostig‘ini quritdi. Xitoy rasmiylari esa yangi koronavirus tarqalishining oldini olishda kamchiliklar va xatolarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi. Xususan, Xitoy Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining Ciyosiy byurosi Doimiy qo‘mitasi milliy favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimi yaxshilanishi kerakligini tan olib, yovvoyi jonivorlar bozorlari nazoratga olinishi kerakligini ta’kidladi. Chunki o‘tkir respirator virusi Xitoyning Uxan shahridagi mol bozorida paydo bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Xitoy hukumati, shuningdek, tibbiyot moslamalari, maskalar, himoyalovchi formalar hamda ko‘zoynaklar uchun katta ehtiyoj tug‘ilganini bildirdi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Xitoyning Uxan shahridan tarqalgan koronavirusdan o‘lganlar soni 450 dan oshdi, 20 mingdan oshiq odam virusga chalindi. Gongkong universitetidagi tadqiqotchilar 25 yanvar kuniyoq Uxanda virusdan zararlanganlar soni 75 ming kishidan ortiq bo‘lishi kerakligi haqida aytishgandi Lancet tibbiyot jurnalida chiqish qilgan tadqiqot mualliflarining tasdiqlashicha, koronavirus epidemiyasi kutilganidan tezroq sur’atlarda tarqalmoqda. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus tashuvchisining har biri o‘rtacha 2-3 kishini zararlamoqda, kasallanganlarning umumiy soni esa geometrik progressiyada ko‘paymoqda va bir haftada ikki barobar ko‘paydi. Olimlarning ogohlantirishicha, agar virus bu shaharlarda ham shu tezlikda tarqalgan bo‘lsa, “epidemiya tez orada Xitoyning yirik shaharlarini qamrab oladi”.

Bundan ham xavotirlisi, agar virus global pandemiyaga aylansa, unda dunyo iqtisodi kasodga uchrashi muqarrar. 2008-2009 yilda ro‘y bergan iqtisodiy inqirozdan dunyo o‘n yil deganda o‘ziga kelgandi. “Reanimatsiya muolajalari” dan keyin o‘ziga kelgan, ammo o‘zini to‘la o‘nglamagan yirik davlatlar — AQSh, Yevropa Ittifoqi va Xitoy uzra yana “qora bulut”lar ko‘rinmoqda. Bu har uchala iqtisodiyot bir-biriga bog‘liqligi va o‘zaro chambarchas bog‘langani sababli bir davlatning zarari ikkinchisida ko‘zga tashlanadi.

To‘g‘ri,2002-2003 yilda SARS virusi Xitoyda paydo bo‘lib, 25 ta davlatga tarqaldi.800 kishi qurbon bo‘ldi. Bu har o‘ninchi bemor degani. Ammo dunyo iqtisodi o‘shanda bor-yo‘g‘i 40 milliard dollar ziyon ko‘rgandi, xolos, deb yozadi Bi-Bi-Si. Ammo unda Xitoyda yalpi ichki mahsulot chiqarish hajmi yiliga 1,7 trillion dollarga teng edi. Hozir esa bu raqam to‘qqiz karra oshgan – YaIM hajmi 15 trillion dollar, dunyo yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushi esa 4 foizdan 17 foizga ko‘tarilgan.

SARS tarqalgan vaqtda butun dunyo vahimaga tushgandi. Ammo vahima hayotiy haqiqatdan uzoq bo‘ldi. Shunda ham bu galgisi boshqacharoq. Ya’ni, vahima bilan reallik to‘g‘ri kelmagan taqdirda ham iqtisodiy yo‘qotishlar ko‘p bo‘ladi.Kim ko‘proq yo‘qotishini hozirdanoq aytish mumkin. Bu XXR.

Xitoy iqtisodi bu virussiz ham ancha oqsab qolgandi. O‘tgan yil mamlakat iqtisodi 6.1 foizga oshdi. Bu Xitoy uchun o‘ta past ko‘rsatkich. 2020 yilda YaIM o‘sishining 5,4 foizga tushishi ehtimoldan soqit qilinmayapti. Zero, keyini 10 yilda Chin iqtisodiyotining yillik iqtisodiy o‘sishi 8-10 foizdan kam bo‘lmayotgandi. Xitoy iqtisodi oqsashiga qisman o‘zi sababchi bo‘lsa, qisman AQSh bilan savdo urushi va Gongkongdagi namoyishlar ham hissa qo‘shdi. Endi virusdan birinchi o‘rinda transport, savdo, mehmonxonalar biznesi zarar ko‘radi. Ayniqsa, virus tarqashi Xitoy Yangi yili — sayyohlar mavsumiga to‘g‘ri kelgani katta muammo bo‘ldi. Ishlab chiqarishga ham zarba yetdi. Aksariyat zavod-fabrikalar karantinda, ishchilar uyda. Mahsulotni xaridorga yetkazish ham muammo.Toyota va Volkswagenning Xitoydagi zavodlari konveyeri to‘xtagan,“Starbaks“ va “Makdonalds“ lar yopilgan.

Qo‘shnilar va boshqa davlatlarga ham oson emas. Ayniqsa Osiyodagi qo‘shnilar xavotiri oshgan. Masalan, Xitoy dunyodagi yirik elektronika kompaniyalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradi
. Mintaqada bu sohada ishlab chiqarilayotgan qismlarning 40 foizi aynan Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Vetnam, Janubiy Koreya, Kambodja, Singapur va Yaponiya Pekinning sayyohlik guruhlarini taqiqlashidan ham zarar ko‘radi.

Sanoatda tanaffus esa Avstraliya va Braziliya kabi xom ashyo yetkazib beruvchi davlatlarga ham ziyon keltiradi. Yevropa va AQSh esa asosan Xitoy sayyohlarining qadami uzilganidan “yurak-bag‘irlari eziladi“. Ular bu mamlakatlar do‘konlaridagi qimmatbaho kiyimlaru taqinchoqlarning asosiy xaridorlardan sanaladi. Albatta, Xitoyda chiqariladigan ehtiyot qismlarining kamayishi G‘arbni boshqa ishlab chiqaruvchilar tomon o‘girilishini anglatadi. Ammo bu arzonga tushmaydi. 

“Inqiroz sharpasi”dan sarmoyadorlar juda qo‘rqishadi. Ular o‘z hissalarini sota boshlashadi. Iqtisodiyot uchun og‘ir damlarda aksiyalar, metallar, rivojlanayotgan bozorlarning qarzlari, xom ashyo narxi pasayar ekan, sarmoyadorlar ham aktivlarini sotishdan boshqa yo‘l topolmayapti. Ular endi tilla va rivojlangan davlatlar obligatsiyalarini sotib olmoqda.

Neft eng past ko‘rsatkichga arzonladi - chunki Xitoy dunyodagi eng yirik xaridorlardan biri. Kuniga 14 million barrel neft sotib oladigan bu davlat iste’molni 20 foizga qisqartirdi, deb yozadi Bloomberg nashri. So‘rovning bu qadar keskin tushib ketishini 2008-2009 yillardagi moliyaviy inqiroz davrida hamda 2001 yil 11 sentabrda AQShda egizak binolar qulagan paytda iste’mol keskin qisqargan kezlardan beri insoniyat neft bozorida bu kabi talab kamayishiga guvoh bo‘lmagan edi.

Neft narxining 55 dollarga tushib ketishi neft qazib chiqaruvchi davlatlar tashkiloti – OPEKni 5-6 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitni kutib o‘tirmay, “qora oltin” qazib chiqarishni kamaytirishga majbur etmoqda. Bu borada hatto neft qazib chiqaruvchi yirik davlatlar – Rossiya va Saudiya Arabistoni rahbarlari telefon orqali muloqot o‘tkazdi.

Metallar ham istisno emas, bu esa jahon iqtisodiyoti sekinlashuvining ishonchli ko‘rsatkichi, deb yozadi Moodyʼs. Sanoatda ishlatiladigan metallar, ayniqsa, nikel, mis, aluminiy narxi virus tarqalishidan keyin o‘rtacha 7 foizga arzonladi. Bu kabi talvasa hatto AQShning Xitoy bilan savdo urushida ham kuzatilmagandi.

Xo‘sh, bo‘hrondan qochib qutulish mumkinmi? Hamma gap bu virus tarqashi qachongacha davom etishi bilan bog‘liq. Hozircha Xalqaro valyuta jamg‘armasi va AQSh moliya vazirligi vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytish bilan chegaralanmoqda. Ammo virus pandemik tus olsa, unda vaziyat taranglashishi tabiiy. Hozirdanoq iqtisodchi olimlar yangi virus hujumidan jahon iqtisodiyoti 600-700 milliard va hatto 1 trillion dollar zarar ko‘rishi xususida bong ura boshladilar.