2020-yilning 15-aprel holatiga hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining gʻazna hisobvaraqlarida yuridik majburiyatlar bilan band qilinmagan 38,0 milliard soʻm zaxira mablagʻlari mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5969-son farmoni bilan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar joriy qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4652-son qarori bilan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovi belgilandi:
vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million soʻm;
oʻrta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million soʻm;
kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million soʻm;
boshqa xodimlarga – 5 million soʻm.
Prezidentimizning ushbu farmon va qarori ijrosini taʼminlash maqsadida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun, shu jumladan, tibbiyot xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar uchun 2020-yilning 23-mart kuni Moliya vazirligi qoshidagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining har biriga dastlabki ravishda 5,0 milliard soʻmdan, jami 70,0 milliard soʻm ajratildi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish zarurki, ushbu mablagʻlardan foydalanish tartibi boʻyicha 2020-yilning 23-mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining qoʻshma xati joʻnatildi va unda hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari orqali tibbiyot va boshqa xodimlarga 6 foizli har kunlik qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlash tartibi koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, 2020-yilning 27-mart kuni Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga, uning talabnomasiga asosan, qoʻshimcha ravishda 8,5 milliard soʻm hamda 7-aprel kuni Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talabnomalariga asosan har biriga qoʻshimcha 5,0 milliard soʻmdan ajratildi.
Ushbu mablagʻlar hisobidan joriy yilning 14-apreliga qadar hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan respublika boʻyicha:
2 263 xodimga, shu jumladan, 396 vrachga, 801 oʻrta tibbiyot, 615 kichik tibbiyot va 451 nafar boshqa xodimlarga jami 2 981 million soʻm 6 foizli har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanishi;
424 xodimga, shu jumladan, 92 vrachga, 164 oʻrta tibbiyot, 128 kichik tibbiyot va 40 nafar boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 7 877,4 million soʻm (har bir xodimga 5 million soʻmdan 25 million soʻmgacha) maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovi toʻlanishi taʼminlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilning 15-aprel holatiga hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining gʻazna hisobvaraqlarida yuridik majburiyatlar bilan band qilinmagan 38,0 milliard soʻm zaxira mablagʻlari mavjud.
Shu bilan birga, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlarida qatnashayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga Prezidentimiz farmoni va qarori bilan belgilangan qoʻshimcha toʻlovlar uchun barcha zarur mablagʻlar Moliya vazirligi tomonidan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan oʻz vaqtida va toʻliq ajratilib kelinayotganligini maʼlum qilamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi