KORONAVIRUS: ilk siyosiy saboqlar
Afsuski, koronavirusning tarqalish surʼatlari pasaymayapti.
Afsuski, koronavirusning tarqalish surʼatlari pasaymayapti. Pandemiya butun dunyodagi umumiy vaziyatga, ayniqsa, davlatlarning milliy iqtisodiyotiga nihoyatda salbiy taʼsir oʻtkazmoqda. Ushbu ofat tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatida keskinlashgan global iqtisodiy inqiroz barcha mamlakatlarning barqarorligi, aholi turmush darajasi va farovonligiga jiddiy putur yetkazmoqda.
2020-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari pandemiya koʻplab davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga toʻsiq boʻlib, yangi-yangi tahdid va inqirozlarni yuzaga keltirganini anglatmoqda. Dunyo koʻlamida keng tarqalgan bu vaboni jilovlash borasidagi taxminlar esa hamon noaniq va qarama-qarshiliklarga toʻla.
Hozirgi sharoitda koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali kurashmoq uchun davlat siyosatining oqilona hamda yuksak masʼuliyat bilan olib borilishi – davlat va jamoat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hayotiy aksiomalar xalqimiz manfaatlarini himoya qilish borasida aniq-ravshan va izchil davlat siyosati, ijtimoiy yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvi olib borilishini eng muhim hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga qoʻymoqda.
Pandemiya tufayli fond bozorlaridagi inqiroz, ishbilarmonlik faolligining pasayishi, davlatlararo chegaralarning yopilishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatda aynan davlat institutlari fuqarolarni qoʻllab-quvvatlaydigan, ularning sogʻligʻi va hayoti toʻgʻrisida qaygʻuradigan, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlaydigan eng ishonchli va taʼsirchan vositaga – xalqning najot va umid manbaiga aylandi.
Shu sababli davlatning ijtimoiy himoya qilish funksiyasi birinchi oʻringa chiqdi. Va shu munosabat bilan mamlakatimizdagi va xalqaro jamoatchilik tomonidan global pandemiyaga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari toʻrt oy davomida amalga oshirgan barcha keng koʻlamli va izchil saʼy-harakatlarning siyosiy mazmun-mohiyatiga va dastlabki saboqlarini tahlil qilishga boʻlgan qiziqish kuchaymoqda.
Mamlakatimiz uchun murakkab boʻlgan vaziyatda davlatimiz rahbari Konstitutsiyamizning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshligʻidir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat koʻrsatishini hamda hamkorligini taʼminlaydi”, – degan qoidalaridan kelib chiqib, qisqa muddat ichida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishning samarali va taʼsirchan tizimini yaratdi hamda ushbu oʻta murakkab va keng qamrovli jarayonning barcha bosqichlarida siyosiy masʼuliyatni oʻz zimmasiga oldi.
Pandemiya sharoitlaridan kelib chiqqan holda unga qarshi kurashish strategiyasi va taktikasi doimo takomillashtirilib borilmoqda, davlat idoralarining hamda butun tibbiyot tizimining safarbarligi taʼminlanmoqda.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilgan yuksak fuqarolik va siyosiy jasorat namunasi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning yutugʻini belgilab beruvchi asosiy omil boʻldi. Eng muhimi ayrim mamlakatlarda boʻlganidek, “masʼuliyatdan qochish”, “vakolatlar oʻyini”ga berilish kabi holatlarga, yaʼni “hokimiyat boʻshligʻi”ga yoʻl qoʻyilmadi. Mamlakatimiz fuqarolari davlat rahbari tomonidan shaxsan amalga oshirilayotgan kuchli va barqaror siyosatning natijasini oʻz koʻzi bilan koʻrib, yana bir bor Oʻzbekiston Prezidentini, uning tanlagan yoʻlini toʻliq va soʻzsiz qoʻllab-quvvatladi.
Prezidentimiz pandemiya davrida qabul qilgan farmonlari va qarorlarining ijrosini oʻzi shaxsan nazorat qilish orqali butun xalqimizni pandemiya tahdidiga qarshi birlashtirishga, oʻzbek xalqining azaliy milliy qadriyatlari negizini tashkil etuvchi huquqiy insonparvarlik va bunyodkorlik tamoyillarini amalga tatbiq qilishga muvaffaq boʻldi.
Bunda davlat siyosatiga oid qarorlar qabul qilish jarayonida barcha darajadagi vakillik organlari deputatlarining faol ishtirok etishini taʼminlashga erishildi.
Fuqarolar manfaatlarini har tomonlama hisobga olish orqali xalq deputatlari Kengashlari va Oliy Majlis deputatlari xalqimiz orzu-umidlarini va davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylandi. Shu tariqa xalq hokimiyatchiligining tub prinsiplariga asoslangan davlat boshqaruvining yangi demokratik tizimini shakllantirish borasida yana bir muhim qadam tashlandi.
Hozirda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari nafaqat hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitmoqda, balki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid muhim qarorlar ham qabul qilmoqda. Prezidentimiz tashabbusiga koʻra, endilikda xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ajratiladigan kreditlar doirasidagi investitsion loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini hamda uning natijadorligini oʻrganib borish xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari vakolatiga kiritilishi, shuningdek, koʻplab sohalardagi tariflarni tasdiqlash masalalari ham xalq deputatlari viloyat Kengashlari vakolatiga oʻtkazilishi maqsadga muvofiq, deb topildi.
Bunday amaliyot hududlarda loyihalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash bilan birga korrupsiya holatlari kelib chiqishining oldini oladi. Eng asosiysi, hududlarda yashayotgan fuqarolarning ham siyosiy faolligi va masʼuliyatini yana-da oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Boshqa jarayonlar bilan bir qatorda aynan pandemiyaga qarshi kurashish amaliyoti mamlakatimizda butun jamiyat va har bir fuqaroning islohotlar taqdiri, ijtimoiy va shaxsiy hayotimizning sifati va xavfsizligi uchun masʼul ekanligiga asoslangan siyosiy hokimiyatning yangi demokratik tizimi shakllanganligini yaqqol namoyon etdi.
Shu munosabat bilan aholi, biznes vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari koʻtarayotgan masalalar va ularni hal etish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni shakllantirishga nisbatan davlat tuzilmalarining sezgir va eʼtiborli boʻlishi talab etiladi. Davlat xalq xohish-istagini ham umummilliy, ham ijtimoiy guruhlar, ham har bir fuqaro manfaatlaridan kelib chiqqan holda roʻyobga chiqaruvchi muhim siyosiy institutga aylanmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, pandemiya tadbirkorlik subyektlarining ham bugungi ijtimoiy hayotimizdagi siyosiy rolini jiddiy ravishda oʻzgartirdi. Biz hammamiz oʻzbek biznesining ijtimoiy masʼuliyati darajasi qisqa vaqt davomida qanchalik oʻsganligiga guvoh boʻldik hamda bu oʻz navbatida, milliy iqtisodiyotimizning samaradorligini oshirib, byudjetning daromad qismi oshishiga va davlat-xususiy sheriklikning yangi muhitini yaratishga zamin yaratmoqda. Biznes ijtimoiy va siyosiy jihatdan tobora faollashib, sheriklik modelida ishtirok etishga hamda jamiyat bilan masʼuliyatni oʻzaro boʻlishishga tayyor boʻlib bormoqda.
Mamlakatimizning xalqaro darajada pandemiyaga qarshi kurashish borasidagi ishtiroki natijalarini strategik jihatdan katta yutuq, deb baholash mumkin. Shuni taʼkidlash joizki, dastlabki kunlardanoq Oʻzbekiston tomonidan koronavirusga qarshi kurashish borasida mahdudlikka berilmasdan, xalqaro integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etish yoʻli tanlangani toʻgʻri boʻldi.
Oʻzbekiston oʻz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga sodiq qolgan holda, pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga doir global saʼy-harakatlarga oʻzining munosib hissasini qoʻshdi va qoʻshmoqda. Oʻtgan vaqt ichida mamlakatimizning xalqaro maydondagi pozitsiyasining salmogʻi va nufuzi tobora oʻsib bormoqda. Oʻzbekiston bilan yaqin hamkorlikdagi barcha davlatlar, xalqaro tuzilmalar uning koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, bu jarayonning iqtisodiyotga hamda jamiyat hayotining boshqa sohalariga koʻrsatayotgan salbiy oqibatlarini yumshatish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga nisbatan masʼuliyatli, chuqur oʻylangan va amaliy yondashuvini munosib baholamoqda.
Maʼlumki, karantin davrida mamlakatimiz parlamenti oʻz ishini bir kun ham toʻxtatmadi. Karantinning dastlabki kunlaridanoq qisqa muddat ichida parlament tomonidan mamlakatimiz uchun oʻta muhim boʻlgan qonunlar qabul qilindi, deputatlar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga hamda parlament nazorati amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan muhim tashkiliy-huquqiy choralar koʻrildi.
Bajarilgan ishlar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, parlamentdagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻz siyosiy dasturlari va qarashlaridagi tafovutlardan qatʼi nazar, ona Vatan taqdiri masalasi oldida mushtarak maqsad atrofida jipslashib, davlatimizning bu sohadagi siyosatini toʻliq qoʻllab-quvvatlamoqda. Parlament deputatlari saylovchilar bilan doimiy ravishda yaqindan muloqotda boʻlib, ular oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Jamoatchilik manfaatlarini oʻrganib, ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Pandemiya butun dunyoda mudrab yotgan muammolarni “uygʻotib yubordi”. Tabiiyki, Oʻzbekiston ham mana shunday muammolarga toʻqnash kelmoqda. Lekin biz hayotimizdagi eng muhim siyosiy omilga, yaʼni xalqimizning davlat idoralari faoliyatiga nisbatan chuqur ishonchiga, fuqarolar va biznesning davlat tomonidan koʻrilayotgan choralarga nisbatan qatʼiy ishonchiga ega ekanini baralla va dadil ayta olamiz. Bir soʻz bilan aytganda, davlat rahbarining karantin davridagi saʼy-harakatlari, eng asosiysi, ularning ijtimoiy yoʻnaltirilgani har bir hamyurtimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Va, hech shubhasiz, davlat boshligʻi yetakchiligida siyosiy barqarorlikni, qonuniylik va xalq hokimiyatchiligini taʼminlashga qaratilgan ushbu yagona toʻgʻri yoʻl bundan buyon ham mamlakatimiz izchil taraqqiyotining mustahkam poydevori boʻlib qolaveradi.
Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Spikeri