Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirus: Germaniyada hammasi silliq emas ekan...
13:30 / 2020-04-30

GFR hukumati tomonidan tibbiyot sektorida koʻrilgan choralar, koʻp hollarda kasalxona majmualarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.


Germaniya bundestagidagi “Soʻllar“ fraksiyasining sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha vakili, deputat Axim Kessler OAVga bergan intervyusida mamlakat sogʻliqni saqlash tizimi koronavirusga qarshi kurashda erishgan yutuqlar, asosan, kam haq toʻlanadigan tibbiy hamshiralar va sanitarlarni ishlatish evaziga qoʻlga kiritilganini qayd etdi.

Uning aytishicha, GFR hukumati tomonidan tibbiyot sektorida koʻrilgan choralar, koʻp hollarda kasalxona majmualarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.

Bundan avval hukumat pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash tizimini qoʻllab-quvvatlash maqsadida fuqarolarni himoya vositalari bilan taʼminlash va preventiv choralar koʻrish, jumladan yangi virus bilan zararlangan shaxslar bilan boʻladigan aloqalarni kuzatadigan maxsus “Corona-Tracing-App” ilovasini yaratish uchun bir qator ishlarni amalga oshirdi. GFR kansleri Angela Merkel boshchiligida vazirlar mahkamasi qaroriga koʻra, shifoxonalarga jonlantirish boʻlimlarida qoʻshimcha oʻrinlar yaratish, qimmatbaho texnika va medikamentlar sotib olish uchun moliyaviy mablagʻlar ajratildi. Germaniyada ayni payt koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun haftasiga taxminan 650 mingta test oʻtkazish imkoni bor.

Bundan tashqari hukumat niqoblar va boshqa vositalarni federal yerlar oʻrtasida taqsimlashni monopollashtirdi. Mahsulotlarni aynan qaysi nuqtalarga yuborish boʻyicha yakuniy qarorni qabul qilish huquqi esa mintaqalarning oʻzlariga berildi.

“Qonunchilikni koronavirusga tatbiq etishda ham ijobiy ham salbiy jihatlar mavjudligi koʻzga tashlanib qoldi. Masalan, testlar sonini maqsadli tarzda oshirish yoki yoʻqotilgan daromadlarni kompensatsiya qilishga qaratilgan “qutqaruv paketlari“ singari choralar adolatli. Koronainqiroz davrida bozor va ijtimoiy muvozanatni taʼminlaydigan raqobat tizimining layoqatsizligi vujudga kelishi mumkinligi yaqqol ifodalangan. Binobarin, federal hukumat tomonidan koʻrilgan choralar mavjud vaziyatni oʻzgartira olmaydi. Qolaversa, hukumat ehtimoliy “tor joylar“ni juda kech koʻrdi, Robert Kox instituti tomonidan 2012-yildayoq Osiyodan kelib chiqqan “SARS” fiktiv virusi oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik tahlillarini esa umuman koʻrmaganga oldi“, – deydi Kessler. Shu fikri orqali, mutaxassis, “sogʻliqni saqlash tizimi(miz)ni qoʻllab-quvvatlash faqat juda kam haq toʻlanadigan kichik tibbiy xodimlar, koʻngillilar (volontyorlar) va qarindoshlarning uzluksiz mehnatlari” tufayli kafolatlanganini taʼkidlaydi.

Deputat yana shuni qoʻshimcha qildiki, nemis sogʻliqni saqlash tizimida azaldan mavjud boʻlgan muammolar “inqiroz boshqaruvida hozir va kelgusida yana chuqurlashadi“. Bu yerda gap, eng avvalo, kichik tibbiy xodimlar mehnat sharoitlari xususida ketayotganiga ham aniqlik kiritgan Kessler.

“GFR hukumati shifoxona majmualarini yoki katta tibbiyot xodimlari mehnatini, ularning yoʻqotilgan daromadlarini kompensatsiya qilish hisobiga qayta moliyalashtirish bilan cheklandi. Bu orqali ayrim shaxslar inqirozdan naf koʻradi, shu bilan bir vaqtda boshqa bir insonlar, ayniqsa kichik, masalan fizioterapevtik amaliyotga oʻxshagan xizmatlarni taqdim etuvchilar mahv etiladi“, – deya uqtiradi deputat.

Nemis sogʻliqni saqlash tizimida “zudlik bilan tizimli oʻzgarishlarni amalga oshirish lozim“. Shundagina soha kelgusida oʻz oldida turgan vazifalarni bajarishga tayyor boʻladi, tibbiy xizmat esa “jamoatchilik xizmati“ga aylanadi.

Bugungi kunda Germaniya shifoxonalari pandemiya sharoitlari tufayli raqobatga asoslangan munosabatlar negizida faoliyat koʻrsatmoqda. Yaʼni muassasalar hozir mavjud muammolarni oʻzlari hal eta olmaydilar. Shifoxonalarni moliyalashtirishni tarifikatsiyalash tizimi “barcha uchun qulay boʻlgan oʻz-oʻzini qoplash usuliga almashtirilishi, klinikalar jamoatchilik sektoriga qaytarilishi shart“, deya fikrlarini xulosalagan Kessler.