Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koronavirus bilan kurashish tibbiyot kanalini tashkil etish zaruratini tugʻdiradimi?
13:31 / 2020-05-19

OʻzA muxbiri Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti professori, tibbiyot fanlari doktori Egamberdi ESHBOYEV bilan shu kabi masalalar yuzasidan suhbatlashdi.


Mamlakatimizda pandemiyaga qarshi koʻrilgan chora-tadbirlar ijobiy samara berayotgan bugungi kunda tibbiyot sohasini yana-da takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, shifokorlar haq-huquqlarini himoya qilish, shuningdek, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishga ham alohida ahamiyat qaratishni davrning oʻzi taqozo etayotir.

OʻzA muxbiri Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti professori, tibbiyot fanlari doktori Egamberdi ESHBOYEV bilan shu kabi masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

– Koʻp yillik faoliyat va tajribaga ega institutimiz yangi vaksinalar yaratadi, mavjudlarini mukammallashtiradi. Zardoblar olishning yangi zamonaviy usullarini ishlab chiqish va yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun barcha tibbiy choralarni koʻradi.

Biroq dunyo ahlini vahimaga solayotgan koronavirus jahon tibbiyotini shoshirib qoʻydi. Kasallikka chalingan bemorlar sogʻayayotgan boʻlsa-da, virusga qarshi hali vaksina ishlab chiqilmagan. Hozir jahon virusologlari bu borada qizgʻin ishlamoqda. Yaratilayotgan vaksinalar sinab koʻrilmoqda. Lekin bu ijobiy natija degani emas. Xuddi shu kabi institutimizda ham vaksina yaratishga jiddiy kirishilgan. Hali bu ilmiy tadqiqot va sinovlardir.

Hozirgi kunda yuqumli kasalliklarni bartaraf etishning eng maqbul yoʻli – karantin. Bu tartib bizda meʼyorida tashkil etildi. Samarasini hammamiz kuzatib turibmiz. Shunga qaramasdan, kasallikka chalinayotgan bormi, demak, bunda har birimiz oʻz sogʻligimiz ustida qaygʻurishimiz kerak. Davlat tomonidan koʻrilayotgan choralarga amal qilishni ham fuqarolik burch sifatida qabul qilish lozim.

– Koronavirus bugungi kunning dolzarb mavzusi boʻlib qolmoqda. Nazarimizda, uni yengish biroz murakkab kechadiganga oʻxshaydi. Aslida, bu virusning boshqa viruslardan nima farqi bor?

– Virus mikroblarga nisbatan juda kichik va farqli ravishda hujayra tuzilishiga ega boʻlmagan kichik bir zarracha boʻlib, ular sharsimon, tayoqchasimon, kubsimon kabi koʻrinishga ega. Ularni 50-100 ming kattalikda koʻrsata oladigan elektron mikroskop va maxsus ishlov berilgan preparatlar yordamidagina koʻrish mumkin. Viruslar barcha organizmda, yaʼni umurtqalilar, hasharotlar, oʻsimliklar hujayralari, hatto zamburugʻ va bakteriyalar ichida ham bemalol koʻpayadi. Lekin ular tirik hujayralardan tashqarida yashay olmaydi.

Koronavirus koʻrinishi tojsimon, shuning uchun u tojdor virus ham deb ataladi. Bu virusning avlodlari “Odamning respirator koronavirusi” (ORKV) nomi bilan fanga maʼlum. Ularni oʻtgan asrning 60-yillarida angliyalik va amerikalik olimlar fanga kiritgan.

Bu turdagi viruslar boshqa viruslarga nisbatan farq qiladi. Masalan, virus tovuq tuxumi embrioni hujayralarida yaxshi oʻsmaydi. Ammo u odam embrionining traxeya va bronxlaridan olingan toʻqima kulturalari (tirik hujayralar)da mukammal oʻsadi. Demak, bu viruslar insonning burun, tomoq, halqum va bronx, ayniqsa, oʻpkaning alveolyar hujayralarini zaharlaydi. Shu bois, virus yuqqan bemorda zotiljam (pnevmoniya) xavfi kuchayadi.

Koronavirus inson organizmiga kirishda ayyorona yoʻlni tanlaydi. Yaʼni, oqsillardan tashkil topgan koronavirus tojdor tikanchalari yordamida inson hujayrasiga soʻrilib, oʻsha paytda u tashqi qobigʻini tashlaydi. “Yechingan” qobigʻini virus xoʻjayin hujayralari oqsillari hisobiga toʻldirib olgani bois, zararlangan hujayralar uni tanimaydi va qarshilik koʻrsatish qobiliyatini yoʻqotadi. Shu tariqa, u hujayralarni oʻldirib, keyin yangisiga oʻtib oladi.

Organizmga kirgan bu virusdagi ayyorlik va insonlarda viruslarga qarshi kurashuvchanlik meʼyorining farqi sabab bugun ushbu baloga qarshi vaksina yaratish qiyin kechmoqda. Axir, dunyodagi har bir organizmga alohida-alohida vaksina ishlab chiqishga hech bir davlatda imkoniyat ham, iloj ham yoʻq. Shu sababli, bugun koronavirus bilan olishishning foydali chorasi faqat karantin boʻlib qolmoqda.

– Oʻzbekistonda niqobsiz koʻchaga chiqmaslik karantin choralaridan biri. Ayrim davlatlarda dastlab bu tartibga unchalik amal qilinmadi, virusning vahimasi kuchaygan sari ularda ham bunga eʼtibor qaratila boshlandi. Mutaxassis sifatida bunga qanday fikr bildirasiz?

– Mikrobiologiya sohasida faoliyat koʻrsatayotganimga salkam qirq yil boʻldi. Umrimning uchdan bir qismini ish sharoitimda niqob taqib oʻtkazyapman.

Menga bu koʻrinmas dushmanlar bilan olishish koʻp bor nasib qilgan. Moskvada virusologik laboratoriyalarda uzoq muddat tadqiqotlar olib borishga toʻgʻri kelgan. Viruslarni kultura hujayralarda oʻstirib koʻrganman. Elektron mikroskopda ularni 50-100 ming marta kattalashtirib, bu zarrachalar bilan toʻqnash kelganman. Oʻsha paytlarda yuzga taqadigan doka niqoblarni oʻzimiz tikardik. Izolyatsiya holatida boksdan chiqmasdan viruslar kulturasini olishni oʻrganib, katta yutuqlarga erishganmiz.

Masalan, mikroblarning bir qismi, viruslarning esa asosiy qismi havo-tomchi yoʻli orqali bemordan sogʻlom odamning nafas yoʻliga oʻtadi. Ayni shu paytda bemorda niqob boʻlsa, sogʻlom odam uchun xavfli emas. Aytaylik, bemor niqobsiz boʻlsa, sogʻlom sherigi niqobda boʻlsa ham kasallik yuqmaydi. Hozirgi koronavirus pandemiyasida esa bunday ehtiyot choralarini yuqori darajada qoʻllash, 2 metr masofani saqlashga amal qilish shart.

Koronavirus burun, tomoq, bronx hujayralarini zararlashi oqibatida bu joylardan juda koʻp shilimshiq chiqishi va qitiqlanishi kuzatiladi. Bemorning aksirishi va yoʻtalishi bu aʼzolarning zararlanganidandir. Shu tariqa, bemorlarning viruslarga qarshi immuniteti hosil boʻlmasdan ayyor koronaviruslar tashqariga chiqadi. Bunday vaziyatda kasallikning oldini olishda eng maqbul va butun dunyo mikrobiologlari tan olgan uslub – niqob taqishdir.

– Har bir davlatda pandemiyani yengish vaqti haqida taxminlar aytilmoqda. Sizningcha, bizda bu qaysi oyga toʻgʻri keladi?

– Koronavirus tashqi muhitga chidamli emas, biroq uning mavjudligi haroratga bogʻliq. Qaynatilganda, u bir zumda oʻladi. 20 daraja sovuqda uzoq vaqt saqlanadi. Efir, spirt, etanol kabi erituvchi mahsulotlar, ultrabinafsha nurlar, nordon va ishqorli muhit taʼsiriga chidamsiz. Bunda oddiy kir sovundan bemalol foydalansa boʻladi.

Quyosh nuri, haroratning yuqoriligi va quruqligi viruslarga qattiq taʼsir qiladi. Koronavirusli infeksiyalar kuz, qish va salqin kelgan bahor oylarida epidemiya koʻrinishida tez tarqalib ketadi. Odamning respirator koronavirus infeksiyasi ultrabinafsha nurlar (bakteriotsit lampalar) taʼsirida 10-12 daqiqada halok boʻladi. 25-35 daraja quruq issiqda virusning oʻlish darajasi oshishi mumkin.

Pandemiya paytida mamlakatimizdagi karantin holati, qatʼiy tartib va olib borilayotgan dezinfeksiya ishlari samarali boʻlmoqda. Shundan kelib chiqib, iyul oyi oxirida bu balodan toʻliq qutulsak kerak, deb oʻylayman.

– Koronavirus pandemiyasi bilan kurashish koʻproq raqamlarga bogʻliq boʻlib qolayapti. Bu koʻpchilikda vahima uygʻotib, ruhiyatiga taʼsir qilishi mumkin. Davolashda bu tibbiyot, xususan, epidemiologiyaning qatʼiy tartibimi?

– Ochigʻi, jahon boʻyicha kasallik bilan bogʻliq raqamlarni maʼlum qilish bugungi davr, texnika asri bilan bogʻliq. Avval ham dunyo boʻyicha juda koʻp bor yuqumli kasallikka chalinish boʻlgan. JSST talabi boʻyicha aynan shu tashkilotga yuqumli kasallikdan vafot etganlar haqida maʼlumot berish shart. Bugungi davrning raqamli hisobotini ikki jihatdan izohlash mumkin. Birinchidan, bugun dunyoni qoʻrquvga solgan virusga nisbatan oddiy qaramaslik va davlat tartibiga amal qilish. Ikkinchi jihati, raqamlar hammaga ham yoqavermasligi aniq. Ruhiyat masalasiga kelsak, agar har bir inson sogʻlom boʻlishni istasa, u oʻzini bugungi holatga moslashtirishi va bu vaqtinchalik talablar ekanini bilishi lozim.

Mamlakatimizda bir yilda 40 mingdan ziyod odam insult kasalligiga uchraydi. Shundan 20-25 besh foizi oʻsha paytda olamdan oʻtishi, vaqt oʻtib yana 50 foizi hayotdan koʻz yumishi va ulardan qolgan atigi 10-12 foizi yashashi mumkin. Lekin ular nogiron boʻlib qoladi. Yurtimizda turli halokat va avto avariyalardan bir yilda mingdan ortiq odam vafot etadi. Jahon boʻyicha yiliga sil kasalligidan 1,5 million odam oʻladi. OITS ham qancha odamlarning yostigʻini quritadi. Aholiga bular haqida koronavirus xavfi kabi maʼlumotlar berilmagan.

Oʻz-oʻzidan shunday savol tugʻiladi: xoʻsh, Yevropa davlatlarida koronavirusga chalingan bemorlar orasida oʻlim soni nima uchun yuqori? Birinchidan, Amerika, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya davlatlari pandemiyaga tayyor emasligi boʻlsa, ikkinchidan, oddiygina talablarga amal qilmaslik sabab boʻldi. Buni qarangki, Italiyada qarindosh-urugʻ bilan birgalikda ovqatlanish odat ekan. Ularning shu odatlari bugun qanchadan-qancha insonlarning hayotiga xavf soldi. Oʻzbekistonda esa virus bilan ogʻrigan bemorlardan 12 nafari olamdan oʻtdi. Bunday natija esa mamlakatimizda qattiq karantin joriy etilgani bilan bogʻliq.

Xulosa shuki, bugun raqamlardan ham koʻra, ushbu zaharli virusning oʻziga xos xususiyatlarini yaxshi oʻrganmasak, u bilan kurashish juda qiyin boʻladi. Yana bir gap, xitoyliklar bor jonzotlarni tanovvul qiladi va organizmi shunga moslashgan. Shu bois, ularning ovqatlanish ratsioni italiyaliklarga mutloq toʻgʻri kelmaydi. Bizga ham. Bunday farq har bir davlatga virus uchun alohida kurashish talabini qoʻyadi. Demak, bu virus tibbiyotda yangi tadqiqot, yangi fanni paydo qildi.

– Koronavirus bilan kurashish epidemiologiya sohasiga katta eʼtibor berish kerakligini koʻrsatdi. Xuddi shu kabi aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish ham talab darajasida emasligi maʼlum boʻlib qoldi. Shu maʼnoda, tibbiyot vakillari va aholi oʻrtasida qandaydir oʻzaro ishonchli munosabatlarni mustahkamlash davri kelganga oʻxshaydi. Bu borada qanday taklif berasiz?

– Buni qarangki, shunday texnika, tibbiyot va iqtisodiy salohiyat choʻqqiga chiqqan XXI asrda koronavirus infeksiyasi koʻpayib, pandemiya holatigacha yetib keldi. Bunga sabab biz infeksiya, viruslar va mikrobiologiya, qolaversa, epidemiologiyani biroz unutdik. Migratsiyani oddiy bir holat deb tushunadigan boʻldik. Oqibati bugun har bir davlatga maʼlum.

Tibbiy madaniyat masalasi ham bunda oʻta muhim. Bugungi texnika asrida shifokorlar aholiga ommaviy tadbir oʻtkazishi yoki uyiga borib tibbiy madaniyatdan tushunchalar berishi mumkinmi? Yoʻq, albatta. Men tibbiy, ilmiy faoliyatimda juda koʻp bor qoʻlimga qalam oldim, darsliklar, maqolalar yozdim. Bir fikr koʻp yillardan buyon tinchlik bermaydi. Oʻzimizda, Vatanimizda tibbiyot ilmiga oʻz hissasini qoʻshgan zabardast olimlar ijodi toʻgʻrisida, tibbiyot ilmi, tibbiyot madaniyatini ommaga yetkazib beradigan davlat telekanali boʻlishini orzu qilganman.

Keyingi paytda tarix, maʼnaviyat, maʼrifat, sport kabi turli telekanallar ochildi. Nazarimda, tibbiyot kanalini tashkil etish pandemiya sharoitida suv va havodek zarur. Masalan, koronavirus xavf solmagunga qadar xalqimizning aksariyati, ayniqsa yoshlar tarixda “ispanka”, “chinchechak” kabi yuqumli kasalliklar boʻlganini bilmasdi. Bugungi holat bois, ular bu haqda qisman maʼlumotga ega boʻldi.

“Tibbiyot” kanalini ochish shu jihatdan ham zarurki, salomatlikni muhofaza qilishda dastavval tibbiy madaniyatni oʻrgatish, gigiyena, tozalikka rioya qilish tartibini uqtirish muhim boʻlib qoldi. Koronavirus dunyoga ofat keltirib turgan bir paytda ushbu ezgu ishni qilishga bel bogʻlasak, toʻrt devor ichidan tezroq chiqib olishga yana bir imkoniyat yaratiladi.