Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bo‘ylab xorijiy jurnalistlar uchun uyushtirilgan seminar dasturida mehmonlarni Korla viloyati bilan tanishtirish ham bor edi.
Muxtoriyatning markaziy qismida, Tiyonshon tizmasi janubiy etagida to‘shalgan Korla kengliklari mamlakatning jannatmonand, ayniqsa qishloq xo‘jaligi hosildorligi eng yuqori hududlaridan biri sanaladi.

To‘g‘ri, aholining asosiy daromadi manbai hisoblangan bog‘dorchilik, paxtachilik, chorvachilikdan tashqari, bu erda energetika, logistika, raqamli texnologiyalar kabi ko‘plab boshqa muhim sohalar ham rivojlangan. Shunga qaramay, nok yetishtirish orqali Korlaning tengsiz bog‘bonlari nafaqat mamlakatda, balki qo‘shni yurtlarda ham dong taratgan. Hatto, viloyatning ramziy tasvirida "Korla" so‘zining chap tomonida yashil barg va o‘ng tomonida nok aks etgan.

Tashkilotchilar seminar ishtirokchilarini mahalliy aholi turmush tarzi bilan "Ushoqterak" qishlog‘i misolida tanishtirish uchun yo‘l boshladilar. Umuman, markazdan Korlani qay bir hududiga qarab yo‘lga tushmang, o‘nlab chaqirim tep-tekis ko‘chaning ikki tomoni ham bepoyon kenglik uzra yastangan nokzorni ko‘rasiz. Ayniqsa, nok daraxtlari sanoqsiz oppoq gulga burkangan ayni kunlarda bu bog‘lar har qachongidan fayzli ko‘rinadi.
Sayohatimiz manzili - Avat nohiyasiga qarashli “Ushoqterak” qishlog‘i markazdan 12 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan. Umumiy maydoni 68 kvadrat kilometrni tashkil qiladigan mahalla hududidagi jami ekin maydoni qariyb 3 000 gektar.

- Qishloqdoshlarimizning asosiy daromadi nok va chorva mahsulotlari sotishdan, - deydi mahalliy partiya qo‘mitasi kotibasi Lyu Kan. - Masalan, o‘tgan yil birgina nokdan 8 000 tonna hosil olib, ancha daromad topdik.
Hududda hosil bayramlari ko‘p ekan. Erta ko‘klam "Chechak bayrami" bilan boshlangan an’anaviy anjumanlar yil davomida uzum, tut, jiyda va boshqa mevaga bag‘ishlangan hosil bayramlari o‘tkaziladi. Festivallarning eng yirigi, tabiiyki, "Nok festivali". Umuman, Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumaniga xos bir xususiyat shuki, bu zaminda turli - xitoy, uyg‘ur, mo‘g‘ul, qozoq, dungan, hangu va boshqa juda ko‘p millat vakkillari ahil-inoq yashaydilar.

Shu kunlarda "Nok festivali"ga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, - dedi "Ushoqterak” qishlog‘i etakchisi, uyg‘ur millatiga mansub Aziz Latif. - Uzun yo‘lak bo‘ylab quriladigan savdo ayvonlari - 100 dan ziyod ko‘rgazma rastasi ulkan bozorni hosil qiladi. Fermerlarimiz mahsulotlarini namoyish etadigan maxsus do‘konchalar nafaqat nok, balki boshqa turli mevalar, shuningdek chorva mahsulotlari bilan to‘ladi. Xaridorlar va mijozlar esa mamlakatning barcha hududlaridan, xorijdan ham kelishadi.
Nomi o‘ziga monand "Ushoqterak" qishlog‘i ko‘chalarini kezsangiz, o‘zbek xonadonlariga o‘xshab ketadigan uylar orqasida qator-qator ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklarga ko‘zingiz tushadi. Bu - alohida mavzu...
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA
Korla, Xitoy