Qadimda ota-bobolarimiz quduqlar qazib, suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishgan bo‘lsa, past-baland adirlardan iborat tog‘ etaklarida esa yuzlab quduqlarni bir-biriga tutashtirgan holda korizlar orqali dehqonchilik qilishgan. Nurotada ham ana shunday korizlardan foydalanilgan.
Koriz – yer osti suv suvlarini yer yuziga chiqarish uchun qadimda yaratilgan muhandislik inshooti bo‘lib, odatda tog‘li hududlardan boshlanib, qiyalik bo‘ylab cho‘zilib boruvchi tunnellardan iborat bo‘lgan. Bunday inshootlarni qurish nihoyatda og‘ir va murakkab jarayon hisoblanadi. U mashaqqatli qo‘l mehnatidan tashqari, yer osti suvlarining to‘planadigan qatlami, suv sathida ro‘y beradigan o‘zgarishlar va koriz chiqariladigan joy relefidagi nishablikni juda aniq belgilashni talab etadi.
Nurotaliklar korizlar kavlab, yer osti suvlarini yuzaga chiqarish tarixini eramizdan oldingi 329-327 yillarda O‘rta Osiyoga bostirib kirgan makedoniyalik Iskandar nomi bilan bog‘laydilar.
Afsonalarga ko‘ra, Iskandar Zulqarnayn Zarafshon vodiysiga qo‘shin tortib kelganda Nurota tizmasining janubiy tomoni – Oqtog‘ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. U tog‘dan janub tomonga qarasa, Zarafshon daryosi va obod vodiyni, shimol tomonida esa daraxtsiz keng maysazor yaylovni ko‘rgan. O‘shanda yam-yashil poyonsiz keng dashtga qarab Iskandar “bu viloyatning daryosi yer ostidan oqar ekan”, degan emish. So‘ngra Iskandar qo‘shinini Nurotaga olib kelib, 366 harbiy qism sarkardasiga o‘z otryadlari bilan har biri bittadan koriz kovlashi haqida buyruq bergan. Natijada 366 ta koriz kovlanib, Oqtog‘ etaklariga suv chiqarilgan va Nurota atrofi obod bo‘lgan.
Bu bir afsona. Ammo afsonalar haqiqatni so‘zlaydi, deyishadi. Chindan-da, Nurota shahri atrofida hozir ham korizlar qoldiqlari mavjud.
– Koriz chiqarishda tajribali korizchilar, dastavval, qiyalikning balandroq yeridan yer osti suvigacha shaxmat usulida bir necha quduq qazishgan,– deydi tadbirkor Lobar Salohiddinova. – Yer osti suvlari tortilib, quduqlardagi suv sathi eng pastga tushgan fevral oyida koriz kavlashga kirishilgan. Ish yer nishabini belgilashdan boshlangan. Chunki yer nishabini aniq va to‘g‘ri belgilash koriz trassasini o‘tkazishda va yer osti suvlarining koriz orqali yer yuziga oqib chiqishida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Koriz trassasi aniqlangach, trassa bo‘ylab har 10 metrda qator quduqlar kavlangan. Yer osti suvlarining to‘plangan qatlamiga qarab suv chiqadigan bosh quduqlarning chuqurligi 18-20 metr, ba’zan undan ham oshiqroq bo‘lgan. Quduqlar tunnel orqali bir-biriga tutashtirilgan. Bosh quduqlardan yig‘ilgan yer osti suvlari mana shu tunnel orqali oqib chiqqan. Tunnel “lahm” deb atalgan. Uning balandligi 1,25-1,5 metr, eni 1 metr bo‘lib, uzunligi joy nishabiga qarab bir necha kilomertga cho‘zilgan.
Navoiy davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti O‘rolboy Oripov “Navoiy viloyati joy nomlarining izohli lug‘ati” kitobida shunday yozadi: “Mashhur olim Abu Rayhon Beruniy koriz so‘zining “kahrez” (somon to‘k) deb forsiy tarjimasini beradi. Uning ma’nosi shuki, koriz ko‘zi ochilgach, uning suvini tekis joyga chiqarish uchun buloq ko‘ziga somon to‘kiladi. Somon suvdan yengil, shu sababdan suv qayoqqa oqsa, u ham birga oqadi. Suv yo‘lni ko‘rsatadi”.
Korizlardan bir me’yorda suv oqib turishi uchun ular har yili tozalanib turilgan, ta’mirlangan. Dehqonlar har yili erta bahorda 20-30 kun korizning tunneli ichida suv kechib, lahm va quduqlar ichiga cho‘kkan loyqalarni qazib chiqarganlar.
[gallery-24802]
Nurota korizlarida 366 quduq, 14 metrli bosh quduq va 3 km uzunlikdagi lahm mavjud bo‘lib, hozirgi kunda tashlandiq holga kelib qolgan. Bu hududda korizlar ochiq osmon ostidagi muzey sifatida sayyohlarga namoyish etilishi rejalashtirilmoqda. Korizlar nafaqat suv manbai, balki tarixiy yodgorlik sifatida ham yuksak qadrga ega bo‘lib, hozir ularni yangi turistik marshrutlarga kiritish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari