Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida barcha uchun teng va qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy faoliyatini rag‘batlantirish muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Shu maqsadda amaliy-uslubiy seminar tashkil etildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy Boshqaruvining 2025 yilgi ish rejasi doirasida o‘tkazildi.

Seminarda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan ilmiy-pedagogik xodimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Tadbir doirasida ularning kasbiy malakasini oshirish, inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy va samarali pedagogik usullar bilan tanishtirish hamda jamoatchilikda inklyuziv yondashuvni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi.

—Mazkur konferensiyada dolzarb masalalar ko‘tarildi, — deydi Qarshi shahridagi Axborot texnologiyalari va menejment universiteti dotsenti Zarmamat Kenjayev. — Ya’ni, imkoniyati cheklangan insonlar qanday qilib inklyuziv hayotga moslashishi kerakligi haqida konferensiya ishtirokchilaridan muhim ma’lumotlar oldik. Men o‘zim 2022 yilda falsafa bo‘yicha doktorlikni yoqladim. Yaqinda dotsentlik unvoniga sazovor bo‘ldim. Biz erishayotgan yutuqlar jamiyatimiz uchun ham muhim, deb hisoblayman.

Shuningdek, seminar doirasida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan pedagog va tadqiqotchilarni birlashtirish hamda o‘zaro tajriba almashishlari uchun maxsus platforma yaratish, ular ishtirokidagi ilmiy va o‘quv jarayonlarni tahlil qilish, amaliy takliflar ishlab chiqish, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va raqamli ta’lim vositalaridan foydalanish yuzasidan tavsiyalar taqdim etish kabi mavzularda fikr almashildi.
Ta’lim jarayonida uchrayotgan infratuzilmaviy va ijtimoiy to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan muhokamalar o‘tkazish, nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun moslashtirilgan shart-sharoitlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifalari belgilandi.
Seminar ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar oliy ta’lim tizimida inklyuziv muhitni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA