Yurtimizda xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash, maishiy muammolarini bartaraf etish hamda jamiyatdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ko‘rik-tanlovlar muntazam tashkil etilmoqda. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamkorligida faol, qobiliyatli xotin-qizlarni aniqlash, bo‘linmalarda faoliyat olib borayotgan turli kasb egalarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli, tashabbuskor soha vakillarini rag‘batlantirish maqsadida “NKMK Oltin ayoli” ko‘rik-tanlovi tashkil etib kelinmoqda.

Bu tanlov tashkilotchilariga qarashli bo‘linmalarda mehnat qilayotgan 12 ming nafardan ziyod xotin-qizlar orasidan har jabhada ilg‘or bo‘lgan yetakchilarni aniqlash, ular salohiyatini namuna sifatida ko‘rsatish hamda taqdirlashga xizmat qiladi. Tanlovning hududlarda bo‘lib o‘tgan saralash bosqichlarida 100 ga yaqin xotin-qiz ishtirok etib, ular orasidan 14 nafari final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan final bosqichida har bir ishtirokchi namoyish etgan yorqin iste’dodi va o‘ziga xos ijro mahorati barchada katta taassurot qoldirdi. Ularning chiqishlarini baholab borish va g‘oliblarni aniqlash hakamlar hay’atiga oson bo‘lmadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJdan Navoiy mashinasozlik zavodi operatori Dilobar Ergasheva, “Navoiyuran” davlat korxonasidan Uran ishlab chiqarish zavodi nazoratchisi Qunduz Kenjayeva va “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasidan “Zarafshon” hududiy boshqarmasi Tibbiy-sanitariya qismi xodimi Dilbar Ergashevalar gʻoliblikni qoʻlga kiritib, “NKMK Oltin ayoli” degan nomga sazovor boʻldi. – O‘quvchilik davrlarimdan buyon o‘tkazilgan tadbirlarda ko‘p qatnashganman, – deydi Dilobar Ergasheva. – Oradan shuncha vaqt o‘tib, bugun yuzlab tomoshabinlar oldida yana mahoratimni namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

Sahna – bu kurash, mardlar maydoni. Unda faqat kuchlilar g‘olib bo‘ladi. Buni chuqur anglagan holda, o‘zimga bo‘lgan ishonch, zavodimiz rahbariyati va hamkasblarim yordamida yana bor nufuzli tanlovda ishtirok etdim va yaxshi natijalarga erishdim. Tanlov tashkilotchilari, qo‘llab-quvvatlab turgan hamkasblarim, muxlislarga rahmat. Mamlakatimizning yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati va NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi ko‘plab tanlovlar tashkilotchisi va tashabbuskori hisoblanadi. Bugungi kunda ko‘p ming kishilik jamoada xotin-qizlar ham mehnat qilmoqda. Ular bugun ishlab chiqarishning barcha jarayonlarida fidokorona mehnat qilib kelyapti.

Ularning orasida 269 nafari rahbar ayollar, 40 nafari davlat mukofotlari sohiblari, shuningdek, tanlovlar g‘oliblari, deputatlar bor. Mehnat muhofazasi, munosib ish sharoitlari, har bir ishchi-xodimning sog‘-salomat oilasi davrasiga qaytishi doimiy kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi e’tiborida. Bu ularni xotirjam mehnat qilish, rejalarni o‘z vaqtida bajarish va yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bu yutuqlar yaqinda “Gender tenglik faoli” respublika milliy tanlovida yuksak e’tirof etilib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol respublika tashkiloti” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. – Ko‘pchilik kombinat xodimlarini doimiy ish va ishlab chiqarish bilan band deb o‘ylashadi. Lekin ular sport, madaniyat, ma’naviy-ma’rifiy sohalar, tanlovlarda ham faol. Iste’dodini namoyish etish uchun zamonaviy maskanlar, turli to‘garaklar, klublar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Uyushtirilayotgan tanlovlar esa iste’dodli xotin-qizlarni aniqlash va ularni taqdirlashga xizmat qilmoqda, – deydi “NKMK”AJ Gender tenglik va inklyuzivlik xizmati bosh mutaxassisi Nigora Amonova. G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan munosib taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA