Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida hazrat Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hamda buyuk musavvir Kamoliddin Behzod tavalludiga bag‘ishlangan “So‘z, tasvir va saltanat daholari” ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan eng sara asarlar namoyish etilmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, besh asrdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, buyuk shoir, ma’rifatparvar va davlat arbobi Alisher Navoiy asarlarida ko‘tarilgan muhabbat va ma’naviyat, do‘stlik va sadoqat, odob-axloq va bilim, insonparvarlik, o‘zini xalq va davlatga bag‘ishlash, diniy-tasavvufiy mavzular bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ushbu mavzular hamon zamonaviy jamiyatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ko‘rgazmada “Xamsa” turkumidagi “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlari va boshqa o‘lmas asarlardan ilhomlanib yaratilgan ijod ishlari namoyish etilmoqda.

Sharq miniatyurasida mustahkam o‘rnashib olgan Navoiy syujetlarini talqin qilishning kanonik an’anasi bilan bir qatorda, yangi va noodatiy mualliflik yondashuvi bilan ajralib turadigan yosh rassomlarning asarlari alohida qiziqish uyg‘otadi. Ular orasida Farida Raufovaning “Bahrom va Moniy suhbati”, “Bahrom Diloromni kutib olishi” asarlari ildizi qadimgi davrlarga borib taqaladigan Xitoy gravyurasi uslubidan foydalanib, yorqin kontrast ranglar gammasida bajarilgan.
Asarlarda, ayniqsa, rassomning liboslarga bo‘lgan qiziqishi yaqqol ko‘zga tashlanadi: qadimgi Eron shohining kiyimlari nozik detallar bilan ifodalangan. Iskandar Zulqarnayn esa temuriylar davri libosida tasvirlangan.

Ko‘rgazmada o‘rin olgan “Boburnoma” asariga bag‘ishlanib hind miniatyura maktabi uslubida yaratilgan illyustratsiyalar fikrimizning yorqin dalilidir. Maftuna Kalbayevaning “Bobur hayoti” lirik asarida Bobur sozandalar qurshovida taxtda o‘tirgan donishmand hukmdor hamda qo‘lyozmalarini bahorning mayin shabadasi uchirib ketayotgan shoir obrazlarida o‘z aksini topgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA