Bayram arafasida Jizzax viloyatida ham bir qator yangi binolar foydalanishga topshirilmoqda. Ularning biri Sharof Rashidov tumanining Madaniyat mahalasida, ikkinchisi esa Sovungarlik mahallasida barpo etildi.
"Madaniyat" mahalla fuqarolar yig‘ini uchun qurilgan yangi bino barcha qulayliklarga ega bo‘lib, ko‘rgan kishining ko‘zi quvnaydi, havasi keladi.


Mazkur binoning ochilish marosimida viloyat va tuman rahbarlari, mahalliy jamoatchilik va faollar ishtirok etib, qishloq ahlini yangi inshoot bilan tabriklashdi.Shuningdek, mahallaning ikki nafar qizi oliy ta’lim muassasasiga grant asosida qabul qilingani munosabati bilan ularning ota-onalariga sertifikatlar topshirildi.

Mahallada yaqin vaqt ichida qurilishi yakunlanadigan 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi ham shu yo‘nalishdagi keng qamrovli ishlarning davomi bo‘lib, zamonaviy infratuzilmaning chekka hududlargacha yetib borayotganligini ko‘rsatadi.

“Sovungarlik” mahalla fuqarolar yig‘inining ahlini esa yoshlar uchun muhim loyiha — yangi qurilgan strit-vorkaut sport maydonchasi nihoyatda quvontirdi. Mazkur sport inshooti mahalladagi yoshlar tashabbusi, ularning sportga muhabbati va faol ishtiroki asosida bunyod etildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari