Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘rfaz tadqiqot markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
16:48 / 2025-04-02

Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov va Ko‘rfaz tadqiqot markazi (Gulf Research Center – GRC) raisi doktor Abdulaziz Saqr o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida ikki tahliliy muassasa o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik istiqboli va aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

MOXI direktori mamlakatimiz uchun Ko‘rfaz mintaqasi yetakchi tahlil markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Bu mintaqalar o‘rtasidagi anglashuvni chuqurlashtirish, ekspert bilimi almashinuvini kuchaytirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, doktor Saqr GRC Markaziy Osiyodagi tadqiqot institutlari bilan sheriklikni kengaytirishga intilishini qayd etdi. Uning fikricha, sheriklik mintaqaviy jarayonni chuqurroq tahlil qilish, umumiy tavsiyalar ishlab chiqishga yordam beradi.

Tomonlar Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) davlatlari o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikka doir asosiy masalalarni tahlil qildilar. Ayniqsa, 2023 yil 19 iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan ilk “Markaziy Osiyo – GCC” sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. Muhokama do‘stlik, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimni ishlab chiqish, ikki mintaqa biznes vakillari ishtirokida Investorlar kengashini tashkil etish, “yashil” energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi muhim mavzularni qamrab oldi.

MOXI va GCC rahbariyati qo‘shma tadqiqot loyihalarini boshlash, konferensiya, davra suhbati va seminarlar tashkil etish orqali ekspertlar hamkorligini mustahkamlashga qiziqish bildirdilar. Bunday tadbirlar tajriba almashish va eng yaxshi amaliyotni o‘rganish barobarida yaqinlashib kelayotgan – “Markaziy Osiyo – GCC” Samarqand sammiti oldidan hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ko‘rfaz tadqiqot markazi 2000 yil iyul oyida saudiyalik biznesmen doktor Abdulaziz Saqr tomonidan tashkil etilgan Jidda shahridagi mustaqil, notijorat tahlil markazidir. Muassasa Ko‘rfaz mintaqasiga daxldor strategik ahamiyatga ega keng doiradagi masalalar bo‘yicha tadqiqot olib boradi. GCC tuzilmasiga a’zo mamlakatlar qatori Eron, Iroq va Yaman bilan ham hamkorlik qiladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA