Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari AQSH-Isroil qo‘shma amaliyoti boshlangandan keyin Eron hujumiga javob bermasligi zaiflik belgisi emas, balki hisob-kitob va bevosita jo‘g‘rofiy tahdid oldida xavfni boshqarish maqsadidan kelib chiqadi, deb yozgan “Globes” nashri.
Ma’lumki, Tehron mintaqadagi AQSH bazalari joylashgan davlatlar, jumladan Bahrayn, BAA va Kuvaytga hujum qildi.
Binobarin, ushbu mamlakatlarning hech biri Islom Respublikasiga qarshi qaratilgan harbiy kampaniyaga qo‘shilmadi. Ta’kidlanishicha, bunday yondashuv ehtiyotkorlik strategiyasi bilan bog‘liq.
Ko‘rfaz davlatlari poytaxtlari AQSH va Isroildan farqli o‘laroq, Eron raketalari va IIQK dronlari masofasida joylashgan. Hujumga bevosita qo‘shilish bu yurtlardagi muhim infratuzilma – dengiz suvini chuchuklashtirish, neftni qayta ishlash zavodlari, portlar hamda Dubay va Ar-Riyoddagi osmon o‘par binolar singari ramzlarni qasos hujumi uchun aniq nishonga aylantirishi va natijada jiddiy iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin.
– Mintaqadagi o‘lkalar mojaroning asosiy yukini Qo‘shma Shtatlar o‘z zimmasiga olishi, o‘zini tutib turishi va muammoni chuqurlashtira boshlash fikridan qaytishini afzal ko‘radi, – deb yozgan nashr.
– Bundan tashqari arab davlatlari Vashingtonning uzoq muddatli majburiyatiga to‘liq ishona olmaydi. Agar Amerikaning hududdagi mavjudligi kamaysa, zaiflashgan, ammo qasoskor Eronga duch kelmaslik uchun himoyasiz qolishdan qo‘rqishadi. Oxir-oqibat, bu Tehronni zaiflashtirish istagi va o‘z xavfini minimallashtirish o‘rtasidagi muvozanatdir. Bir so‘z bilan aytganda, Fors ko‘rfazi davlatlari eskalatsiyani yanada kuchaytirmaslik uchun masofa saqlamoqda.
S.Rahimov, O‘zA