Toshkentda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlari ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilari bugun Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar Samarqand ziyoratini Amir Temur maqbarasidan boshladi. Sohibqiron va temuriylar tarixi, bunyodkorlik ishlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Samarqandning muqaddas tuprog‘ida islom olamining mashhur ulamolari, ilm-u maorifning yetuk namoyandalari yetishib chiqqanligi bois bu zaminga intiluvchilar ko‘p, – deydi Bahrayn tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimi Nosir ash-Shayx. – Biz ham ushbu muborak shaharga kelganimizdan mamnunmiz. Tarixdan ma’lumki, hududlarimiz o‘rtasida qadimdan o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlanib kelgan. Bizning bugungi harakatlarimiz kelgusidagi munosabatlarimiz uchun zamin yaratadi. Samarqandda birinchi bor bo‘lishim. Uning ta’rifiga so‘z topolmayapman. Haqiqatan ham turizm shahri.
[gallery-16945]
Mehmonlar tashrif davomida Registon maydoni, Xalqaro turizm markazi va boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.
– Markaziy Osiyo bilan hamkorligimiz yanada rivojlanishiga ishonaman, – deydi Saudiya Arabistoni vakili Sami Abdukarim. – Chunki, Ko‘rfaz arab davlatlari ham, Markaziy Osiyo davlatlari ham hamkorlik istiqbolini istashadi. Yurtingizda o‘tkazilgan yig‘ilishda kelgusidagi hamkorlik atroflicha muhokama qilindi. Va bu jarayonda ishtirok etganimdan mamnunman. O‘ylaymanki, aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tariladi. Samarqand haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, betakror tarixiylik mujassam shahar ekan. O‘ziga xoslik bor.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari