Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘rfaz arab davlatlari bilan o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlikning o‘rni beqiyos
13:16 / 2023-07-28

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan “Oliy Majlisning Ko‘rfaz arab davlatlari parlamentlari bilan hamkorligi istiqbollari” mavzusida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda joriy yilning 19 iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Xususan, Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqalari xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar, konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, shu jumladan parlamentlararo aloqalarning istiqbolli yo‘nalishlari keng muhokama qilindi.  

Yig‘ilishda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari B.A’loyev ma’ruza qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan beshta yo‘nalishda ilgari surilgan tashabbuslarga to‘xtaldi. Xususan, keng qamrovli hamkorlikni turli formatlarda rivojlantirish, ko‘p tomonlama Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik Bitimini ishlab chiqish, yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligiga katta e’tibor qaratildi.  

Tadbirda bugungi kunda turli xavf-xatarlarga qaramay, ushbu mintaqalar tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelayotgani, ayni vaqtda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-biriga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qarayotgani va o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani e’tirofga sazovor ekanligi alohida qayd etildi.  

Munozaralar davomida O‘zbekiston Respublikasining Ko‘rfaz arab davlatlari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlar hali mavjud salohiyat darajasidan ancha pastligi, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi birmuncha o‘sgan bo‘lsa-da, biroq bu ko‘rsatkichni hali bir necha baravarga oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.  

Shuningdek, deputatlar Oliy Majlisning Ko‘rfaz arab davlatlari parlamentlari bilan o‘zaro aloqalarini yangi darajaga olib chiqish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Dini, urf-odat va an’analari yaqin bo‘lgan mintaqalar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlikning o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. Shu munosabat bilan hozirda Oliy Majlisda faoliyat yuritayotgan Ko‘rfaz arab davlatlari parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha guruhlar ishini yanada jonlantirishga kelishib olindi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA