Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi qoshidagi Koreya ta’lim markazi o‘rtasida imzolangan Memorandumga muvofiq, koreys tili o‘qituvchilari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida bo‘lib o‘tayotgan o‘quv seminarida pedagoglarga koreys tili asoslarini o‘rgatish metodikasi bo‘yicha kurslar olib borilmoqda.
[gallery-24599]
Mazkur o‘quv kurslarida respublikamizning barcha hududlaridan 60 nafar koreys tili fani o‘qituvchilari jalb etilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar Koreya Respublikasi Chungbuk ta’lim departamentining 15 nafar eksperti, metodist va mutaxassislari tomonidan o‘tilmoqda.
Bugundan seminarning ikkinchi bosqichiga start berildi. Bunda koreys tili o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Seminar doirasida koreys tili fani o‘qitiladigan maktablarga kompyuter jamlanmalari topshirilmoqda.
N.Usmonova, A.Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari