Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreyaning “Yangi yoʻli”ga yana 40 milliard dollar ajratiladi
12:12 / 2020-04-24

Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotini qiyin ahvolga solib qoʻydi.


Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotini qiyin ahvolga solib qoʻydi. Ayni paytda xalqaro hamjamiyat, mamlakatlar pandemiya oqibatlari keltirib chiqargan iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf qilish yoʻllarini qidirish bilan band. Korxonalarning barqaror faoliyatini saqlab qolish, mavjud ish oʻrinlarining qisqarib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, qolaversa, iqtisodiyotning muhim tarmoqlariga ixtisoslashgan yirik kompaniyalar faoliyatini barqaror ushlab turish bilan birga, kichik va xususiy biznesni, yakka tartibda ishlayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab quvvatlash hukumatlar oldida turgan eng dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Zero, aholining asosiy qismi ham, aynan, kichik va xususiy biznesda faoliyat olib boradi.

Albatta, davlatlarning iqtisodiy, moliyaviy imkoniyatlari turlicha boʻlgani uchun, ularda pandemiya oqibatlarini bartaraf qilish uchun qabul qilinadigan hukumat dasturlari ham turlicha boʻlmoqda. Quyida bu borada Janubiy Koreyada amalga oshirilayotgan ishlar haqida gap boradi:

Yaqinda Janubiy Koreya hukumati koronavirus sharoitida iqtisodiyotni qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash maqsadida sanoatning asosiy sohalari uchun yana 40 trillion von (32,4 milliard dollar) miqdorida barqarorlashtirish fondini shakllantirayotgani haqida maʼlum qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Mun Chje In iqtosidiy masalalar boʻyicha beshinchi favqulodda majlisda aytib oʻtdi. Janubiy Koreya Davlati rahbarining maʼruzasi prezident maʼmuriyati saytida eʼlon qilindi.

“Biz qisqa vaqtda sanoatning muhim sohalarida koronavirus keltirib chiqargan krizisni yengib oʻtish va ish oʻrinlarini barqaror taʼminlab turish uchun 40 milliard trilion vonlik barqarorlashtirish fondini tashkil etamiz“, — dedi prezident.

Mun Chje Inning taʼkidlashicha, Janubiy Koreya COVID-19 epidemiyasining global miqyosda tarqalishi oqibatida paydo boʻlgan iqtisodiy tanglikning taʼsirini endi sezyapti va hozirda eng ogʻir vaziyatga asosan bazaviy sohalarda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar tushib qolmoqda. Ularni vaqtinchalik moliyaviy qoʻllab-quvvatlash zarurati tugʻilmoqda. Hukumat barcha muhim sohalarga madad berishga qatʼiy qaror qildi va shu bois ularni qoʻllab-quvvatlash doirasida asosiy kapitaliga investitsiya kiritish, toʻlov imkoniyatlarini kafolatlash va boshqa choralar koʻrib chiqilmoqda.

Ammo xabarda aytilishicha, moliyaviy yordam rejasida uni olishni xohlagan kompaniyalar uchun maʼlum bir majburiyatlar ham talab qilinishi taʼkidlab oʻtilgan. Majburiyatlarning eng asosiysi, bandlikning yuqori darajasini ushlab turish, krizisdan chiqib ketishda kompaniyalarning oʻzlari ham saʼy-harakatlarni kuchaytirishi va boshqa bir qator choralar kiradi.

“Bundan tashqari, hukumat qoʻshimcha ravishda yana 10 trillion von (8,1 milliard dollar) miqdoridagi mablagʻni bandlikni tezkor barqarorlashtirish uchun ajratishni moʻljallamoqda. Bundan koʻzlangan maqsad, mehnat bozoridagi ehtimoliy qiyinchiliklarni faol yengib oʻtishdir“, — qoʻshimcha qildi prezident.

Ushbu mablagʻ subsidiya oluvchilar sonini oshirishga yoʻnaltiriladi. Bunda 90 foizlik xarajat taʼtildagilarga pul toʻlab turishga ishlatiladi, bunda xodimlarini haq toʻlanmaydigan mehnat taʼtiliga joʻnatishga majbur boʻlgan kompaniyalarga maxsus tezkor yordam dasturi qoʻllaniladi.

Subsidiyalar bandlikni barqaror ushlab turishga ishlatiladi, jumladan, frilanserlarga, maxsus shartnoma boʻyicha ishlaydiganlarga va kichik tadbirkorlarga moʻljallangan. Darvoqe, mamlakatda kichik tadbirkorlik bilan shugʻullanayotganlar 930 mingdan ortiq kishini tashkil etadi. Bundan tashqari, hukumat yirik loyihalarni hayotga joriy qilish uchun 500 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishini qoʻllab -quvvatlaydi, ularning jamoat sektorlariga ishga joylashishi soddalashtiriladi.

“Umumdavlat miqyosida yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun hukumat yirik loyihalarni qoʻrqmasdan hayotga joriy qilishi kerak… Barcha muassasalardan tezkor tarzda loyihalashtirish guruhlarini tashkil etishni soʻrayman, ular yirik davlat loyihalarini hayotga joriy qilishi lozim. Bu, “Koreyaning Yangi yoʻli” (1930-yillarda AQSHda Buyuk depressiyadan chiqish uchun shunday yoʻl tutilgan) boʻladi“, — dedi Mun Chje In.

U shuningdek, imkon qadar tezroq koronavirus oqibatlari bilan kurashishga ajratilgan birinchi qoʻshimcha byudjetni bajarishga chaqirdi. Qolaversa, tezroq avvaldan kelishilgan ikkinchi iqtisodiy yordam paketini qabul qilishni va kechiktirmasdan majlisda qabul qilingan qaror boʻyicha uchinchi iqtisodiy yordam paketini tayyorlash zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Bundan tashqari, prezident moliya bozorini barqarorlashtirish uchun zaxira fondini tashkil etishga qaratilgan 100 trillion vonga (80,8 milliard dollar) qoʻshimcha ravishda, yana 35 trillion von (28,3 milliard dollar) ajratish rejalashtirilayotgani haqida ham maʼlum qildi. Ushbu qoʻshimcha ravishda ajratilayotgan mablagʻlar mikrokorxonalarni qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek korporativ qarzlarni sotib olish va past kredit reytingiga ega kompaniyalarning likvidligini taʼminlash uchun sarflanadi.