Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Koreya elchixonasi qoshidagi Koreya ta’lim markazi hamkorligida olib borilayotgan “Birodarlashgan maktablar” loyihasi doirasida Koreyadagi Dayegu yuqori maktabining bir guruh o‘qituvchi va o‘quvchilari Buxoro shahrida ta’lim sayohatida bo‘lib turibdi.
Sayohat davomida mehmonlar Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘ldi. Ta’lim muassasasi faoliyati va tengdoshlarining maktabdagi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 2018-yilda tashkil etilgan. O‘quvchilarga ikkita xorijiy til – ingliz va koreys tilining o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan.


Maktabda 3-sinfdan boshlab o‘quvchilar 2 ta xorijiy tilni o‘rganadi. Bugungi kunda har ikki tilda ham bemalol so‘zlasha oladigan o‘quvchilar safi tobora ortib bormoqda. Ularning 30 nafardan oshig‘i til bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.


– 2020-yildan koreys tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi maqomini olgan ushbu ilm muassasamiz Koreya ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, – deydi Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Halima Nurillayeva. – Xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etayotgan maktab o‘quvchilarining 12 nafari va o‘qituvchilarning 5 nafari Koreya ta’lim vaziri tomonidan imzolagan sertifikat hamda sovg‘alar, iqtidorli o‘quvchilardan bir nafari faol ishtiroki uchun medal bilan taqdirlandi. Maktab bitiruvchilarining 2 nafari grant asosida Koreyadagi nufuzli oliygohlarda ta’lim olmoqda. Ilg‘or tajribaga ega mahoratli koreys tili o‘qituvchilari esa 3-yildan buyon “Eng yaxshi dars ishlanmasi” tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelmoqda.


Qisqa muddat ichida erishilgan bu kabi salmoqli yutuqlari tufayli 42-IDUM Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublikasi ta’lim markazi tomonidan “Koreys tilini o‘qitish bo‘yicha namunali maktab” deb topildi.
Maktab faoliyati bilan tanishish jarayonida koreyalik o‘quvchilarga milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz, kiyimlarimiz va milliy taomlarimiz hamda ularning tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlar berilib, bu borada mahorat darslari ham tashkil etildi.


Bir haftalik sayohat dasturi doirasida koreyalik mehmonlarni Buxoro shahridagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolar, hunarmandchilik markazlari bilan tanishtirish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri