Kadastr agentligi va Koreya Respublikasining LX konsorsiumi o‘rtasida “O‘zbekistonda Milliy fazoviy axborot salohiyatini kompleks mustahkamlash tizimini tashkil etish” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvlarda loyihaning joriy holati, kadrlar tayyorlash rejasi hamda amaliy faoliyatni yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda kadrlar tayyorlash bosh rejasining batafsil muhokamasi, trenerlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari, jumladan, dekabr oyida trenerlar tomonidan amalga oshiriladigan pilot malaka oshirish kurslari, Rivojlanishga rasmiy yordam (ODA) loyihalarining amalga oshirish muddati va strategiyasidagi o‘zgarishlar muhokama qilindi.


Shuningdek, koreyalik mutaxassislar loyiha doirasida Kadastr agentligiga amaliy mashg‘ulotlarda foydalanish uchun zamonaviy dron — DJI Matrice 350 RTK modelini topshirdi.
Bu dron kamera va Lidar texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori aniqlikda xaritalash, 3D modellashtirish, monitoring ishlari hamda qidiruv-qutqaruv va qishloq xo‘jaligi sohalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Ta’kidlash joizki, bu hamkorlik O‘zbekistonda raqamli kadastr va fazoviy axborot tizimlarini rivojlantirish, zamonaviy geoaxborot texnologiyalarini amaliyotga joriy etishda muhim qadam bo‘ldi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA