Janubiy Koreya Markaziy Osiyoni o‘z tashqi siyosiy strategiyasini amalga oshirishda muhim sherik sifatida ko‘radi. Toshkentda gibrid shaklda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqboli strategik muloqoti” mavzusidagi ekspertlar forumida Koreya Prezidenti devoni maxsus ma’ruzachisi Om Narin mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatga shunday baho berdi.
– Janubiy Koreya hukumati 2023 yil yangilangan “Davlat xavfsizlik strategiyasi” dasturini amalga oshirish jarayonida mintaqa bilan yaqindan hamkorlik qilishni ko‘zlagan, – dedi koreyalik ekspert. – Mazkur hujjatda Seul tashqi siyosatining bosh maqsad va vazifalari, shuningdek mamlakat manfaatiga xavf soluvchi asosiy tahdidlar belgilab olingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Hanguk chet tillar universiteti qoshidagi Koreya xalqaro mintaqaviy tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etilgan ekspertlar forumida yetakchi mutaxassislar, tahlil markazlari rahbarlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi tahliliy, ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA