Bugungi kunda davlat boshqaruvi jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalarining roli tobora ortib bormoqda. Shu maqsadda turli mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etishga qaratilgan xalqaro uchrashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Bunday xalqaro forumlar davlat boshqaruvida ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi texnologiyalarni tatbiq etish hamda sun’iy intellektni amaliyotga joriy etish bo‘yicha samarali platforma vazifasini bajaradi.
Koreya Respublikasida 28–30 oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan “Davlat xizmatlarida sun’iy intellekt” xalqaro forumida mutaxassislar davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarni joriy etish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalarini muhokama qilmoqda.
Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Tadbirda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Anvarxo‘ja Qodirov hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya tajribasini taqdim etdi.

Muhokamalar davomida davlat tizimida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, raqamli ma’lumotlar va boshqaruvni takomillashtirish, raqamli hukumat uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda davlat xizmatchilari malakasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Koreya tajribasi asosida sun’iy intellekt (SI) yechimlarini amaliyotga tatbiq etish, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan, qulay va samarali davlat xizmatlarini yaratish bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdim etildi.
Forum doirasida Buyuk Britaniya tajribasiga asoslangan “SI Inkubator” modeli orqali sun’iy intellektga tayangan davlat xizmatlarini loyihalash, shuningdek, “GovTech” modeli asosida texnologiyalarni davlat boshqaruviga integratsiya qilish va strategik hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari davlat xizmatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish, raqamli boshqaruvni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikning yangi shakllari yuzasidan tajriba almashdilar.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA