Shimoliy Koreya yakshanba kuni front armiyasi bo‘linmalari Janubiy Koreyaga zarba berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, KXDR Koreya Respublikasini Pxenyan ustidan dron yordamida tashviqot varaqasi sochishda ayblagan va agar shunday harakat takrorlansa, kuch bilan javob berish bilan tahdid qilgan.
Janub esa uchuvchisiz uchoqlar jo‘natilganini tasdiqlashdan bosh tortdi. Shu bilan birga, fuqarolari xavfsizligi tahdid ostida qolsa, Shimolni qattiq jazolashidan ogohlantirdi.
Davlat matbuoti kecha tarqatgan bayonotga ko‘ra, Shimol Mudofaa vazirligi harbiylar Janubiy Koreya bilan chegara yaqinidagi artilleriya qo‘shini va boshqa armiya bo‘linmalariga “o‘t ochishga to‘liq tayyor turish” uchun dastlabki operatsiya buyrug‘ini bergan.

Ta’kidlanishicha, Janubiy Koreya dronlari tufayli Koreya yarim orolida jiddiy harbiy taranglik hukm surmoqda va KXDRning kuchli hujumidan butun Janubiy Koreya hududi “kul uyumiga aylanishi” mumkin.
Shuningdek, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning qudratli singlisi Kim Yo Chjon ham Janubiy Koreya Mudofaa vazirligining “Agar Koreya Respublikasi fuqarolariga zarar yetkazilsa, Shimoliy Koreya rejimi tugatilishi mumkinligidan ogohlantirganiga munosabat bildirdi. Ya’ni, bu ogohlikka chorlovni “o‘z joniga qasd qilish” deya ta’rifladi va javoban yangi uchoqlar paydo bo‘lishi “albatta dahshatli falokatga olib kelishi” bilan tahdid qildi.
Shimoliy Koreya ko‘pincha Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar bilan adovat kuchaygan payt shunday o‘ta qizg‘in ritorika bilan chiqadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi aloqa 2019 yil Shimoliy Koreya yadroviy dasturini to‘xtatish bo‘yicha AQSH yetakchiligidagi diplomatiya parchalanib ketganidan beri tarangligicha qolmoqda. Shundan buyon KXDR yadroviy maydonini kengaytirishga jiddiy urinib, bir necha bor Janubiy Koreya va AQSHga yadro quroli bilan hujum qilish tahdidini yo‘lladi.
May oyidan beri Shimoliy Koreya janublik faollarning Pxenyanga qarshi tashviqot varaqasi sochgani uchun o‘ch olish maqsadida Janub tomon minglab axlat ortilgan sharlar uchirdi. Qarshi tomon esa tashviqot va K-pop qo‘shiqlarini chegara bo‘ylab, baland ovozda qo‘yish orqali Shimolning shar kampaniyasiga javob berdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA