English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya urushi tugaganiga 69 yil to‘ldi
19:27 / 2022-07-27

Janubiy va Shimoliy Koreyada 1950-1953 yillari bo‘lib o‘tgan Koreya urushi to‘xtatilganiga 69 yil to‘lishi munosabati bilan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Shimoliy Koreyada bu sana “G‘alaba kuni” sifatida nishonlanadi.

Ushbu sanaga bag‘ishlab ikki mamlakatda ham xotira tadbirlari tashkil etiladi.

KXDR Markaziy telegraf agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Ulug‘ Vatan ozodligi urushining "G‘alaba kuni"da mamlakat yetakchisi Kim Chen Inga ichki tashkilotlar hamda xorijdan savat-savat gul, tabrik keladi. Urush qatnashchilari Pxenyanda yig‘iladi.

Bayram munosabati bilan Koreya Xalq armiyasi harbiy xizmatchilari, ishchilar va o‘quvchilar Janubiy Xamgyon provinsiyasi Ryonpxo tumanidagi shon-sharaf tepaligiga chiqadi. Bu yerda 1951 yil buyuk yo‘lboshchi Kim Ir Sen askarlarni g‘alabaga jo‘shqinlashtirib, nutq irod qilgan. Shu yerda rahbar tunab qolgan uy ham bor.

Shimoliy Koreyaning davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari odatda ushbu sanaga bag‘ishlab Kim Ir Senning buyuk xizmatlari haqida qator maqolalar e’lon qiladi. “AQSH rahbarligidagi imperialistlar” qoralanadi.

Shu kuni Janubiy Koreya poytaxti Seulda yarashuv kuniga bag‘ishlab jamoatchilik chiqishlari uyushtiriladi. Koreya Respublikasi mudofaa vaziri ayni payt AQSH safarida. U 27 iyul kuni Vashingtonda, Koreya urushi faxriylariga bag‘ishlab barpo etilgan xotira maydonida qo‘shimcha ravishda barpo etilgan Yodgorlik devori qurilishi yakunlanishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan marosimda ishtirok etdi. Xotira devorida Amerika armiyasida xizmat qilgan va Koreya urushida qurbon bo‘lgan 43 ming 808 nafar amerikalik hamda koreyalik askarlar nomi bitilgan.

Tarixdan ma’lumki, Koreya urushi, ya’ni Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (Shimoliy Koreya) bilan Koreya Respublikasi (Janubiy Koreya) o‘rtasidagi qurolli mojaro 1950 yil 25 iyunda boshlanib, 1953 yilgacha davom etgan. Urushda KXDR tomonidan Xitoyning cheklangan harbiy kontingenti hamda SSSR harbiy mutaxassislari va harbiy havo kuchlari qismlari ishtirok etgan. Janubiy Koreya tomonidan esa AQSH va BMTning ko‘p millatli qo‘shini tarkibidagi qator davlatlar askarlari jang qilgan.

Ushbu ziddiyat qurbonlari soni bo‘yicha turli raqamlar keltiriladi. Masalan, urushda halok bo‘lgan va jarohatlanganlar turli manbalarda janubliklardan 1 million 271 - 1 million 818 ming, shimolliklardan esa 1 million 858 ming - 3 million 822 ming kishi, deyiladi.

Amerika tomoni rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Koreya qirg‘inida AQSH 54 ming 246 fuqarosini yo‘qotgan. Yana 103 ming 284 amerikalik jarohat olgan. Sobiq ittifoq esa bu raqobatda jami 315 kishi, jumladan 168 zobitidan ayrilgan. 64-chi aviakorpus 2,5 yilda harbiy harakat tufayli 335 ta MiG-15 qiruvchi samolyoti va 100 dan ziyod uchuvchini qurbon bergan.

Koreya yarim oroli hali ham rasman urush holatida turibdi. Zero, Koreya urushi tinchlik to‘g‘risidagi shartnoma emas, balki yarashuv haqidagi hujjat imzolanishi bilan to‘xtatilgan. Ushbu hujjatni KXDR va Xitoy qo‘shinlari qo‘mondonlari bir tomondan va BMT bayrog‘i ostida AQSH ikkinchi tomondan imzolagan.

S.Rahimov, O‘zA