Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya Respublikasi kompaniyasi Buxorodagi tarixiy obidalarning raqamli nusxasini yaratadi
16:50 / 2021-06-22

So‘nggi yillarda dunyoning barcha davlatlarida tarixiy yodgorliklarni raqamlashtirish ishlari keng miqyosda olib borilmoqda.

Bir muddat avval Koreya Respublikasidagi “New Layer” kompaniyasi va qator yetakchi korxonalar ishtirokida 3D texnologiyalari va geografik ma’lumotlar yordamida O‘zbekistonning madaniy meros ob’ektlarini raqamlashtirish loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilingan edi. O‘zbekiston hukumati tomonidan milliy madaniy meros ob’ektlarini saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli siyosatdan kelib chiqqan holda, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatda zamonaviy informatsion texnologiyalarni tatbiq qilish katta istiqbolga ega ekani hisobga olinib, “New Layer” va “EGIS” kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikning dastlabki bosqichida Buxoro shahridagi tarixiy obidalardan biri bo‘lgan Somoniylar maqbarasining raqamli nusxasini yaratish bo‘yicha pilot loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishni rejalashtirgan.  

“New Layer” kompaniyasi direktori Li Kvang Se boshchiligidagi delegatsiya vakillari shu maqsadda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va tegishli boshqa mas’ullar bilan uchrashdi.  

– Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – tarixiy yodgorlikni saqlash va boshqarish ishlarini zamon talablari asosida tashkil qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy turistlar uchun majmua bo‘ylab virtual sayohat qilish imkoniyatini yaratishdan iborat, -deydi Li Kvang Se. – Loyihani amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi hukumati tomonidan 150 ming dollar miqdorida grant mablag‘i ajratish mo‘ljallangan bo‘lib, u yil yakuniga qadar tugallanishi rejalashtirilgan.  

Pilot loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, koreyalik hamkorlar tomonidan Buxoro viloyatidagi barcha tarixiy yodgorliklarni qamrab oluvchi madaniy meros ob’ektlarining umumiy raqamli tizimini yaratish taklifi bildirildi. Uchrashuvda Koreyaning “New Layer” va “EGIS” kompaniyalari hamda Buxoro viloyati hokimligi va Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.  

 

Buxoro viloyati  

madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati