Ma’lumki, Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan uzoq yillar davomida ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi, shu jumladan sport sohasida ham.
Kurash kabi, taekvondo ham Koreyaning milliy sport turi sifatida ushbu mamlakatda mashhur bo‘lib, yurtimizda sportning mazkur yo‘nalishini rivojlantirishga hamkorlarimiz tomonidan katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu haqida poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida o‘tkazilgan “Koreya Respublikasi elchisi kubogi” turnirining ochilish marosimi alohida to‘xtalib o‘tildi.
Unda O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, mamlakatimiz taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov va Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon ishtirok etdi va nutq so‘zlashdi.
Musobaqalar boshlanishi oldidan davlat madhiyasi yangradi, so‘ngra taekvondochilarning ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etildi. Aytish kerakki, 4 sentyabr “Butunjahon taekvondo kuni” munosabati bilan 15-17 yoshdagi sportchilar o‘rtasidagi taekvondo WT bo‘yicha XXII xalqaro turnirda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 400 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pFD9eyZrSlI" title="Koreya Respublikasi bilan sport sohasida hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mazkur musobaqa dasturiga muvofiq, ikki kun davomida taekvondo kyorugi (jang) turi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi. Unda yigit-qizlar o‘nta vazn toifasida maydonga chiqib, g‘oliblik uchun kurash olib boradi. 3 kunlik musobaqalar 5 sentyabr kuni yakunlanadi. Albatta, ushbu sport turining yurtimizdagi rivoji bevosita ana shunday yuqori saviyada tashkil etiladigan musobaqalarga ham bog‘likdir. Zero, bu kabi bellashuvlar kelgusida Olimpiya va milliy terma jamoalarimizning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA