Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya Respublikasi bilan sog‘liqni saqlash sohasida aloqalarimiz kengaymoqda
22:53 / 2023-10-24

Tibbiyot xabarlari

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya geografik jihatdan bir-biridan uzoq, lekin ko‘ngli yaqin, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida maqsadi mushtarak davlatlardir. Oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasida mamlakatlarimiz hamkorligi barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda.  

Jumladan, tibbiyot sohasida ham. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida xorijlik shifokorlar bilan hamkorlikda navbatdagi jarrohlik amaliyotlari bajarildi.

Gap shundaki, 56 yoshli bemor umurtqa pog‘onasi bel qismi osteoxondrozi, VL1 umurtqa tanasi gemangiomasi tashxisli kasallik bilan azoblanar edi. Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan malakali shifokorlar mahalliy mutaxassislarimiz bilan birgalikda unda murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.  

– Bu amaliyot murakkab sanalib,  markaz Vertebrologiya bo‘limi mutaxassislari bilan jarayonni muvaffaqiyatli yakunladik, – deydi  Koreyaning “Gangnam severance hospital“ shifokori Keun Su Kim.  

Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari esa ayni kunlarda Janubiy Koreyaning “Pusan Nasional Universiteti Yonsang Gospitali“da qisqa va uzoq muddatli maxsus malaka oshirish kurslarida ishtirok etmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Janubiy Koreya tajribasi asosida Bolalar milliy tibbiyot markazi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish xamda ikki davlat tibbiyotidagi aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir.

USAID yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlash uchun sarmoya ajratadi

Toshkentga tashrif buyurgan USAID administratori Samanta Pauer O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Ushbu sarmoyalarning yarmidan ko‘pi aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. 

Ya’ni USAID besh yillik tashabbus sanalgan “Sildan xoli O‘zbekiston” dasturini ishga tushirib, u orqali keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va mamlakat bo‘ylab silga qarshi asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida qo‘shimcha 3,2 million dollar sarmoya kiritadi.  

Mazkur dastur kasallik yuqishining oldini olish va aniqlash, davolashni boshlash, sil xastaligining stigmasini kamaytirish, shuningdek, axborot tizimlari va moliyalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni ilgari surishda yordam beradi.  

4 million dollarlik sarmoya O‘zbekistonning kelajakdagi tahdidlar, epidemiyalar va pandemiyalarga chidamliligini oshirish uchun eng yaxshi tajriba hamda SOVID-19 chora-tadbirlaridan olingan saboqlarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ushbu mablag‘ O‘zbekistonga laboratoriya va kuzatuv tizimlarining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini, xavf-xatarlar chog‘ida aloqa bog‘lash va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi.

Oqoltinda tumanlararo perinatal markazi ish boshladi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida bir vaqtning o‘zida 70 nafar tug‘uruq yoshidagi ayollar uchun mo‘ljallangan tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirildi.

Mazkur yangi muassasa viloyatning Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridan kelgan homilador, tug‘uvchi ayollar va chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Tug‘uruq kompleksini rekonstruksiya qilish uchun 760 million so‘m mablag‘ sarflanib, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida 547 million so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar taqdim etildi.

“Zarur amaliyotlar markazi” faoliyati sarhisob qilindi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamkorligida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjuman “Zarur amaliyotlar markazi”ning 2023 yil to‘qqiz oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlandi.  

Unda markaz tomonidan joriy yil to‘qqiz oy davomida yurtimizdagi mahalliy va xorijiy korxonalarda GMP, GDP va GSP talablari asosida o‘tkazilgan farmatsevtik inspeksiyalar va ularning natijalari, aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbirda dori vositalari ishlab chiqaruvchi va farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy korxonalar va klinik tadqiqotlar o‘tkazuvchi bazalar faoliyati yuzasidan so‘z yuritildi.

“Ibn Sino merosi” dorivor o‘simliklar mahsulotlarining xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi

26-28 oktyabr kunlari Buxoro shahrida “Abu Ali ibn Sino va sivilizatsiya” mavzusidagi XII Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari – ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tadi.

Anjuman doirasida “Ibn Sino merosi” dorivor o‘simliklar mahsulotlarining xalqaro ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Aholi tibbiy madaniyatini oshirish, dorivor o‘simliklar afzalliklarini aholi va shifokorlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmada dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash va ular asosida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 100 ga yaqin korxonalar ishtirok etadi.

 

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA