Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi vakillari Sirdaryo hokimi bilan uchrashdi
10:35 / 2021-04-30

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev viloyat hokimligi «Qabullar uyi»da Janubiy Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi (KUBA) raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, delegatsiya tarkibida Janubiy Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Yun Djun Sok hamda “NURI Corporation” korporatsiyasi prezidenti Vang Jun Xo ham bo‘lgan.

Do‘stona o‘tgan ushbu muzokaralar davomida ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi ekologik toza qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni o‘rganish va ularning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Janubiy Koreya va O‘zbekiston bir-birdan garchi ancha uzoq masofada joylashgan bo‘lsada, bu ikki davlat o‘rtasida uzoq yillik do‘stlik va manfaatli hamkorlik rishtalari bor. Keyingi yillarda hududlararo aloqalar yanada mustahkamlanib, Janubiy koreyalik sarmoyadorlar bilan birgalikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatida bugungi kunda mazkur davlat bilan sanoat, ta’lim, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Janubiy Koreyaning yirik kompaniya va tadbirkorlarning viloyat investitsion salohiyatiga qiziqishi kuchli.

E’tiborlisi, pandemiya sharoitda ham ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari to‘xtab qolgani yo‘q. Onlayn muloqotlar doimiy tashkil etilib, birgalikdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish tadbirlari ko‘rilmoqda.

Sirdaryo viloyatida Janubiy Koreya davlati bilan hamkorlikda 5 ta korxona o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan paxtachilik va to‘qimachilikka ixtisoslashgan agrosanoat majmuasi, zamonaviy koreya texnologiyalari asosidagi issiqxonalar, parfyumeriya mahsulotlari, sabzavotlar yetishtirish, transport moyi ulgurji savdosi kabi faoliyat turlari yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan 2020 yilda Sirdaryo viloyatining Koreya Respublikasi bilan o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 9 million AQSH dollariga yetkazilib, shundan eksport 2 million dollar (20 foiz), import 7 million dollar (80 foiz)ni tashkil etganini qayd etish lozim. Eksport qilingan tovar va xizmatlarning asosiy qismi meva-savbzavot, dukkakli don mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelsa, issiqxona metal konstruksiyalari, avtoehtiyot qismlar, kimyoviy moddalar, maxsus texnikalar importda asosiy o‘rin tutadi.

Sirdaryo viloyati hokimi nufuzli mehmonlarga viloyatda transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish darajasi oshganligi, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish kuchaygani, sanoat va tadbirkorlikni jadal qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sifati borgan sari ortib borayotgani haqida ma’lumotlar berdi.

Viloyatda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari qatorida koreys millatiga mansub aholining ham o‘z milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, boyitishi hamda kelgusi avlodlarga yetkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganini alohida ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida kichik biznes sohasiga investitsiyalar jalb etish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalarida ham so‘z bordi.

– Men O‘zbekistonning turli viloyatlarida bo‘lganman va ularning orasida Sirdaryo – respublikaning nihoyatda qulay qismida joylashganligi, qulay transport tizimiga egaligi va infratuzilma ob’ektlariga boy ekanligi bilan ajralib turadi, – deydi Janubiy Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon. – Koreyaning rivojlangan biror bir viloyati bilan Sirdaryoni doimiy bog‘lab qo‘yish bo‘yicha takliflar tayyorlayapmiz. Bu orqali koreyalik va sirdaryolik tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish imkoniyati kengayadi.

Ayni paytda jahondagi dolzarb muammolardan biri – bu bir martalik polipropilen qadoqlash vositalarining atrof muhitga zarari yuqoriligi va ushbu mahsulotlar zararsizlantirish ko‘p vaqt talab etilishi barchamizga ma’lum. Bunday muammolar o‘z-o‘zidan yangi zamonaviy yechim topishga undaydi. Shuni inobatga olgan holda, o‘zaro hamkorlik doirasida, Sirdaryo viloyati hududida ekologik toza qadoqlarni (upakovkalar) ishlab chiqarish loyihasi orqali atrof-muhitga zararni sezilarli ravishda kamaytirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

A.Qayumov,

F.Toshmatov (surat), O‘zA