So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhit shakllantirildi, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamdagi imtiyozlar, kafolatlar yaratildi.
Natijada respublikada iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni kun sayin oshib, ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish borasidagi takliflari ko‘paymoqda.
Sirdaryo viloyati hokimligida Janubiy Koreya Respublikasining "Hanjin agrisulture and industry Co.LTD" kompaniyasi mas’ullari va viloyat hokimi o‘rinbosarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning iqtisodiy va investitsion salohiyati taqdimot qilindi. Sirdaryo viloyatining investitsion jozibadorligi borasida fikrlashildi.
Guliston tumanida Koreya texnologiyalari asosida loyiha qiymati 10 million AQSH dollariga teng «SMART» issiqxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirish taklifi bildirildi. Kompaniya rahbariga loyihani amalga oshirish uchun ma’qul keladigan yer maydonini belgilangan tartibda “e-auksion” elektron platformasi orqali sotib olinishi mumkinligi aytildi.
Muzokara yakunida tomonlar erishilgan kelishuvni amalga oshiradigan bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA