Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya kompaniyasi 65 million dollarlik loyihani amalga oshirmoqda
15:25 / 2023-03-15

Koreyaning “POSCO International” korporatsiyasi Farg‘ona viloyatida yirik loyihani amalga oshirayotgan bo‘lib, qo‘shimcha investitsiyalar kiritishni rejalashtirmoqda.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining 2022 yil mart oyida Koreyaga tashrifi doirasida Inchxon shahrida “Posco International” korporatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, qiymati 65 million dollar bo‘lgan hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Kelishuv doirasida “Posco International” tomonidan 2022 yil davomida birinchi bosqichda viloyatga 21 million dollarlik investitsiya kiritilib, 9 million dollarlik aralash mato va aralash ip ishlab chiqarish liniyasi uchun dastgohlar olib kelindi, Yozyovon tumanida loyiha qiymati 8 million dollar bo‘lgan paxtani qayta ishlash zavodi qurilishi deyarli yakunlandi.  

Joriy yil aprel oyida foydalanishga topshiriladigan zavod hududida alohida Fermerlar markazi ham barpo etilayotgan bo‘lib, ushbu markazdan fermerlar uchun bank xizmati, buxgalteriya markazi, kompyuter xizmatlari, dam olish joylari va boshqa qulayliklar o‘rin oladi. Korxonada 250 nafar yozyovonliklar bandligi ta’minlanadi. Yillik 20 ming tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega yog‘ zavodi esa joriy yil sentyabr oyida ish boshlaydi. Shuningdek, tumanda hozirgacha jami 430 gektar maydonda tomchilab sug‘orish tizimi joriy etildi, klaster faoliyati uchun umumiy qiymati 2,5 million dollar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalari olib kelindi.

“POSCO International” korporatsiyasi prezidenti Chon Tak viloyat hokimi bilan uchrashuvda Yozyovon tumani hududida o‘tgan yilda Koreya kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, “POSCO textile Fergana” korxonasida mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, kelgusida rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qildi. Muloqot chog‘ida shuningdek, paxta yetishtirishdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oluvchi ishlab chiqarish zanjirini to‘la yo‘lga qo‘yish, bunda Koreya bozori talablariga mos momiq sochiqlar ishlab chiqarish, shuningdek, bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish kabi masalalar ham muhokama etildi.

M.Sulaymonov, O‘zA