English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikda “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
15:10 / 2023-08-01

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirish, hududiy tibbiyot muassasalarida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) amalga oshirish uchun Koreya eksport-import bankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – IRH jamg‘armasi)dan O‘zbekiston Respublikasiga 10 yil imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 74 million AQSH dollari ekvivalentidagi Koreya vonida imtiyozli qarz ajratilishi ma’qullanganligi;

Loyihaning umumiy qiymati 88,78 million AQSH dollarini, jumladan, 74 million AQSH dollari qarz mablag‘lari hamda 14,78 million AQSH dollari soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish shaklida O‘zbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Sog‘liqni saqlash vazirligi Loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish, uni muvofiqlashtirish, shuningdek, IRH jamg‘armasining qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ IRH jamg‘armasining qarz mablag‘lari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida moliyaviy agent hisoblanadi;

IRH jamg‘armasining qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan, qo‘shimcha haq va foizlar, boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “O‘zmedimpeks” davlat muassasasi Loyihani amalga oshirish doirasida tender komissiyasining ishchi organi va tuzilgan shartnomalar bo‘yicha kontragent hisoblanadi;

Loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) to‘lanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanishi yoki byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishga qo‘shgan ulushi sifatida hisobga olinadi.

3. Quyidagilar:

“Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish doirasida IRH jamg‘armasining qarz mablag‘larini qaytarish, shu jumladan, qo‘shimcha haq va foizlar to‘lashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

“Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasi doirasida xarid qilinadigan tibbiy jihozlarning hududlar bo‘yicha taqsimoti 3, 3a–3n-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

4. Adliya vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Eksport-import banki o‘rtasida imzolangan qarz bitimi bo‘yicha yuridik xulosa bersin.

5. “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga IRH jamg‘armasi qarzi bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Koreya Respublikasining vakolatli banki bilan banklararo shartnoma imzolash vakolati berilsin.

6. Belgilansinki, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot muassasalarining ehtiyojlari hamda xatlov natijalari asosida tibbiy asbob-uskunalarning ro‘yxati, miqdori va texnik tavsiflariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Loyiha doirasida:

manfaatdor vazirlik va idoralarga zarur hisobot va hujjatlar IRH jamg‘armasining talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida tayyorlanishi va taqdim etilishini;

Loyihani amalga oshirish davrida Loyihaga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan tibbiyot muassasalarining samarali faoliyat olib borishini;

xarid qilinadigan tibbiy asbob-uskunalar hamda materiallar yetkazib berilguniga qadar tibbiyot muassasalarida jihozlarni joylashtirish va o‘rnatish uchun tegishli binolar tayyorlanishini;

tibbiyot xodimlarining yetkazib beriladigan tibbiy asbob-uskunalar hamda zamonaviy texnologiyalar va axborot texnika vositalaridan foydalanish bo‘yicha o‘qitilishini;

belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlarning yaratilishini ta’minlasin.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

Loyihani amalga oshirish davrida Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘rovnomasiga asosan tovarlar va uskunalarni sotib olish, belgilangan manzilga yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni, shuningdek, Loyihani moliyalashtirish bo‘yicha boshqa xarajatlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratsin;

Loyihani moliyalashtirish uchun 2024 yildan boshlab zarur mablag‘larning Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilishini ta’minlasin.

9. Hisob palatasi Loyiha doirasida jalb etiladigan va ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanilishi, shuningdek, Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

10. Tashqi ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining viza talabnomalariga binoan mazkur Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

11. Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                  Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2023 yil 31 iyul